Bekobodning “Metallurg” jamoasi a`zoalari dushanba kunidan e`tiboran Qibray o`quv-mashg`ulot maskanida Superliganing 5-turidan o`rin egallagan “So`g`diyona” jamoasiga qarshi tayyorgarlikni boshlab yubordi. Har kuni ikki mahaldan nazariy va amaliy mashg`ulotlar olib borilyapti. Futbolchilarning kayfiyati a`lo, shu boisdan keyingi uchrashuvga ham tayyorgarlik ko`ngildagidek o`tmoqda.
Jamoada jarohat olgan o`yinchilar bor. ular jamoa shifokorining nazorati ostida individual tarzda shug`ullanishyapti. Umumiy olganda esa murabbiylar shtabi o`yinchilarning ruhiy va funktsional tayyorgarligidan qoniqish hosil qilishyapti.
Bugun ertalab jismoniy tayyorgarlikni tiklash, to`p bilan ishlash mashqlariga e`tibor qaratildi. Kunning ikkinchi yarmida Qibray O`MM ma`naviyat xonasida Ma`rifat soati o`tkazildi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 mart kuni qabul qilingan "Futbolni rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi qarorining ijrosi bo`yicha “Metallurg” jamoasi bosh murabbiyi Andrey Shipilov ma`ruzasi tinglandi.
Andrey Sergeevich o`z ma`ruzasida mazkur qarorning mamlakatimizda millionlar o`yini rivoji hamda ommaviyligini oshirishdagi muhim ahamiyati, futbol klublari, bolalar futbol maktablari, akademiyalar infratuzilmasini mustahkamlash, ularga qo`shimcha qulayliklar yaratib berish borasidagi o`rni, nufuzi haqida atroflicha to`xtalib o`tdi. Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ko`rsatilayotgan rag`batga munosib bo`lish, “Metallurg” PFK ham yurt futboli ravnaqida chetda qolmasdan, o`zining munosib hissasini qo`shishi shartligi, milliy chempionatda ijobiy ishtiroki orqali minglab, millionlab muxlislar qalbini quvonchga to`ldirish, xalqaro maydonlarga chiqish yo`lida har bir mutaxassis, murabbiy hamda futbolchida ustuvor maqsad bo`lishi kerakligini ta`kidlab o`tdi.
Ma`rifat soatida ishtirok etgan jamoa murabbiylari Alisher Ahmedov, Fevzi Davletovlar ham O`zbekistonda sportga, xususan, uning eng ommaviy turi – futbolni rivojlantirishga Davlat, Hukumat miqyosida katta e`tibor berilayotganligini mamnuniyat bilan qayd etishdi. Bu kabi e`tibor, yaratilayotgan shart-sharoitlarga yarasha yuqori natijalar sari dadil odimlash, yurt sha`nini hamisha munosib himoya etish futbolchilarning bosh maqsadi ekanligini doimo yodda tutishlarini aytib o`tishdi.
Yakunda jamoa rahbariyati, bu kabi ma`rifat soatlarini tez-tez o`tkazib turilishini ta`kidlab o`tdi.
“Metallurg” klubi matbuot xizmati