
O`zbekiston Kubogi bellashuvlari yangi formatda o`tadi. Unda mamlakat Superligasining 12 ta hamda Pro-liganing 18 ta jamoasi g`oliblik uchun kurash olib boradi.
Avvaldan belgilab qo`yilgani uchun “Lokomotiv”, “Nasaf”, “Paxtakor” va “Bunyodkor” klublarining musobaqaga 1/8 final bosqichidan qo`shilishi o`z kuchini saqlab qoldi. Biroq endi ular o`zlarining bo`lajak raqiblari haqida ma`lumotga ega bo`lmaydi.
Shu yildan e`tiboran “Nurafshon-S”, “Iftixor”, “Sherdor” hamda “Labsa” klublari katta futbolga kirib kelmoqda. Kubok bellashuvlarini aynan shu to`rt klub boshlab beradi. 1/32 final bosqichida ularga qulaylik yaratish maqsadida bir-biriga nisbatan yaqinroq bo`lgan “Sherdor” hamda “Labsa” jamoalari o`zaro o`ynashi, ikkinchi juftlikni esa “Nurafshon-S” hamda “Iftixor” tashkil qilishi belgilab qo`yildi. Bir o`yindan iborat pley-off g`olibi ikkinchi saralash bosqichiga yo`l oladi.
Kubokning yangi formatiga ko`ra, yarim finalga qadar barcha uchrashuvlar faqatgina bitta uchrashuvdan iborat bo`ladi va unda mezbon jamoa nomini qur`a aniqlab beradi. Pro-liga klubining futbol maydoni talabga javob bermasa, u o`z viloyatidagi asosiy maydonda o`ynash imkoniyatini qo`lga kiritishi mumkin.
Ikkinchi saralash bosqichida yuqoridagi ikki juftlik g`olibi hamda Superliganing 8 ta, Pro-liganing 14 ta jamoasi — jami 24 ta klub ishtirok etadi. Bunda jamoalar hech qanday savatga ajratilmaydi. Savatchadan birinchi tortilgan jamoa mezbon maqomini qo`lga kiritsa, keyingisi uning raqibiga aylanadi.
Mana shu 12 ta juftlik g`olibi 1/8 finalga yo`llanma oladi hamda yuqoridagi kvartetga qo`shiladi. Qur`a bu bosqichda ham istalgan klubni bir-biriga raqib qilishi mumkin. PFL hamda “Sport” telekanali o`zaro kelishib, qur`a shaffof o`tishi uchun 1/8 finaldan boshlab jarayonni jonli namoyish etishga harakat qiladi.
Bunga qadar O`zbekiston Kubogida tabaqalanish mavjud bo`lib, jamoalar finalgacha duch kelishi mumkin bo`lgan ehtimoliy raqiblari haqida ma`lumotga ega bo`lgan. Endilikda esa hech bir klubda bunday imkoniyat bo`lmaydi. Yarim final bellashuvlarigina uy-safar tizimida o`tadi.
PFL Pro-liganing o`zgartirilgan formatiga qur`a tashlash marosimini 27 mart — seshanba kuni o`tkazadi. O`zbekiston Kubogining 1/16 finaliga ham shu kuni qur`a tashlanadi. Shuningdek, birinchi saralash bosqichi bellashuvlari qachon va qaerda o`tishiga oydinlik kiritiladi.
Yangi format o`z oldiga yuqori maqsadlar qo`yayotgan bir qator klublarga g`olib bo`lish imkoniyatini taqdim etishi mumkin. O`yinlarda shiddat bo`lishi va barcha klublar Kubok bellashuvlariga jiddiy e`tibor qaratishi uchun ham shu yo`ldan yurildi. Qayd etish kerak, O`zbekiston Kubogida g`olib chiqqan jamoa Osiyo Chempionlar ligasi yo`llanmasini qo`lga kiritish imkoniyatiga ega bo`ladi.