Pro-Liga yangi formatda o`tkaziladi

 

O`zbekiston professional futbol ligasi nufuzi jihatdan Superligadan keyingi o`rinda turuvchi Pro-Liga formatini o`zgartiradi. Bu haqdagi qaror O`FA Ijroiya qo`mitasi Byurosi tomonidan qabul qilindi.

 

Bungacha Pro-Ligada 16 ta jamoa ishtirok etishi belgilab qo`yilgan bo`lib, musobaqa 25 mart kuni start olishi rejalashtirilgandi. Ammo PFLga shundan keyin ham bir qator klublar murojaat bilan chiqishda davom etdi. Ijroqo`m a`zolari esa mamlakat futbolining rivoji yo`lida takliflarga ijobiy javob qaytarishga qaror qildi.

 

Nega shunday bo`ldi?

 

Buning bir qator sabablari bor. Shulardan birinchisi futbolga o`z sarmoyasini kiritishni niyat qilgan xususiy tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlashdir. To`g`ri, ayni holatda ular birdaniga superklubga asos solishi qiyin. Biroq O`FA futbolni rivojlantirishning muhim faktorlaridan biri bo`lgan klublarni xususiylashtirish masalasini bir chetda qoldira olmaydi. Ya`ni, xususiy klublarga bosqichma-bosqich rivojlanib borish uchun imkoniyat beradi.

 

Ikkinchidan. Superliga jamoalari soni 12 taga qisqartirildi. Bu bilan elitada to`p suradigan futbolchilarning umumiy soni ham kamaydi. Natijada Superligada to`p surish istagida bo`lgan futbolchilar o`rtasida raqobat oshdi. Endi esa raqobatda yutqazib qo`ygan futbolchilar qo`nim topishi mumkin bo`lgan ob`ektlarga ehtiyoj bor. Pro-Liga esa bu borada yuqoridagi kabi futbolchilarga imkoniyat taqdim etishi mumkin.

 

Uchinchidan. Futbol hamisha muxlislar uchun o`ynaladi. Shuningdek, Pro-Ligada ishtirok etish istagida bo`lgan ba`zi klublar muxlislaridan O`FAga doimiy ravishda murojaatlar kelib tushadi. Bu esa ma`lum shahar yoki tuman rahbariyatini harakatga keltirib, ularda ham futbol rivojiga hissa qo`shish fikri paydo bo`ladi.

 

Jamoalar soni nechta bo`ladi?

 

Superligaga yo`llanma beruvchi ligada farm-klublarning to`p surishi mantiqqa biroz to`g`ri kelmasdi. Shu holat hamda klublarning o`z iltimoslari inobatga olinib, “Bunyodkor” va “Paxtakor” farm-klublari Pro-Ligadan o`chirildi. Aksincha, yaxshi niyat bilan katta futbolga qadam qo`yish niyatida bo`lgan “Xotira-79”, “Nurafshon-S”, “Labsa”, “Sherdor” kabi klublar turnirga qo`shildi. Natijada Pro-Liga jamoalari soni 18 taga etdi.

 

Klublar reytingi

 

Pro-Liga klublarini musobaqaga qo`yish oldidan PFL komissiyasi ishtirokchi jamoalar infratuzilmasi bilan tanishib chiqqan. Ularning oldiga tashkilot tomonidan qo`yilgan talablarga ayrim klublar javob beradi, ba`zilariga esa vaqt kerak. O`z-o`zidan o`sha klublarnigina olib qolib, qolganlarga javob berib yuborish — yuqorida sanab o`tilgan faktorlarga to`g`ri kelmaydi. Shu bilan birgalikda PFL ham o`z talablarida qat`iy turishni ma`qul ko`rdi hamda Pro-Liga istagida bo`lgan klublarning bugungi kundagi holatidan kelib chiqib, ularni ikki zonaga ajratdi. Ya`ni, oldinga intilayotgan klublarga ham imkoniyat berildi:

 

PRO A

“Andijon” (Andijon)

“Dinamo” (Samarqand)

“Istiqlol” (Farg`ona)

“Mash`al” (Qashqadaryo)

“Orol” (Qoraqalpog`iston)

“Surxon” (Surxondaryo)

“Sho`rtan” (Qashqadaryo)

“Xorazm” (Xorazm)

“Norin” (Namangan)

 

PRO B

“Iftixor” (Yoshlar ittifoqi jamoasi)

“Yozyovon” (Farg`ona)

“Zomin” (Jizzax)

“Labsa” (Buxoro)

“Lokomotiv-BFK” (Toshkent)

 “Nurafshon” (Toshkent viloyati)

“G`ijduvon” (Buxoro)

“Sherdor” (Samarqand)

“Xotira-79” (Namangan)

 

PFL jamoalarni bu guruhga ajratishda ulardagi moddiy-texnik baza masalasini birinchi planga qo`ydi. Reytingga ko`ra saralangan 9 ta jamoa ajratib olingani bilan, Superliga uchun nazariy jihatdan Pro B jamoalarda ham imkoniyat bo`ladi. Biroq bunda asosiy maqsad Pro-Ligada etakchi bo`lishgina emas, balki infratuzilmani talab darajasiga olib chiqish ham bo`lishi shart. Chunki Superliganing talablari yuqori ekani barchaga ma`lum.

 

Vaziyatni yaxshilash uchun PFL 2020 yilgacha bo`lgan kichik dastur ishlab chiqadi va klublarni yilning to`rt choragida nazorat qilib boradi. Ya`ni, moddiy-texnik bazasi talab darajasida bo`lmagan klublar Pro-Ligaga qo`yilgani bilan, ular infratuzilma masalasida jiddiy ishlashi shart. Ular mablag` jihatdan Superliga klublari bilan raqobatlasha olmasa-da, 2—3 yil ichida maydon, baza va futbol maktabi PFLning minimum talabiga javob berishi kerak. Vaqti kelib ularning stadioniga mamlakatning eng kuchli klublari hech bir e`tirozsiz kelishi lozim. Shundan kelib chiqib, infratuzilma bosqichma-bosqich rivojlanadi. Agar har chorak tekshiruvidan keyin klublar nazoratdan o`ta olmasa, ularga nisbatan sanktsiyalar belgilanadi (umuman ishlamayotgan klublar Pro-Ligadan chetlashtiriladi).

 

Bunda bir narsani tushunish lozim. Hozirgi holatda chempionlik uchun kurashadigan jamoaga pul sarf etib, infratuzilmani tashlab qo`yishda ma`ni yo`q. Chunki Superliganing talabi doim yuqori bo`lib qolaveradi. Shundan kelib chiqib, asosiy e`tibor infratuzilmaga qaratilishi mantiqliroq. O`FA esa faqatgina shu shart bilan talabgor klublarga Pro-Liga eshiklarini ochdi.

 

Format qanday bo`ladi?

 

Rejaga ko`ra, har ikki guruh jamoalari to`rt davrali (2 ta uyda va 2 ta safarda) o`yinlar o`tkazadi — 32 (jami 36) ta tur. Unga ko`ra, Pro A’da etakchi bo`lgan jamoa Superliga yo`llanmasini qo`lga kiritadi. PRO A liganing so`nggi jamoasi PRO B ligaga tushib ketsa, PRO B g`olibi, PRO A ligaga yo`llanma oladi. PRO A liganing 2 va 3-jamoalari esa Pro B’da mos ravishda 2 va 1-o`rnini egallagan klublarga qarshi o`tish o`yinlarida ishtirok etadi.  G`oliblar Superligada 10 va 11-o`rinni egallagan klublarga qarshi pley-off o`yini o`tkazadi.   

 

Eslatma:

Mavsum davomida qaysi zonada bo`lishidan qat`iy nazar biror bir jamoa yarim yo`lda turnirdan chiqib ketsa, 2019 yilgi mavsumda o`ynash imkoniyatidan ham mahrum etilishi mumkin (bu masala O`FA Ijroiya qo`mitasi Byurosi tomonidan alohida ko`rib chiqiladi).

 

Xulosa:

O`FA barcha uchun imkoniyat eshiklarini ochishga qaror qildi. 2018 yilgi mavsum Pro-Liga talabida bo`lgan klublarning haqiqiy imkoniyatini ko`rsatib beradi va kelgusi rejalar hamda format shuning asosida kelib chiqadi.

 

PFL O`zbekiston Superligasi hamda Pro-Ligasi o`yinlari bir vaqtda tugashi masalasini inobatga oladi. Bu har ikki liga klublari o`rtasidagi o`tish o`yinlari oldidan jamoalarning jismoniy jihatdan imkoniyatlarini tenglashtiradi.

 

PFL O`zbekiston Kubogi formatini o`zgartirish masalasini ham ko`rib chiqmoqda. Bu borada ham yangilik bo`lishi katta ehtimol. Pro-Liganing barcha ishtirokchilarida O`zbekiston Kubogida ishtirok etish imkoniyati bo`ladi. Yangi format esa yaqin kunlar ichida e`lon qilinadi.

 

mib
uzcard
cola
apex
bmb