“Navbahor”va “Bunyodkor” klublariga qo`llanilgan jarima yuzasidan Bayonot

Kecha O`zbekiston futbol Assotsiatsiyasi Ijroiya qo`mitasi Byurosi qarori asosida (Qaror qabul qilingan paytda O`zbekiston futbol federatsiyasi) “Navbahor-Lochinlari” klubi futbolchisi Oybek Qilichev bir yilga va “Bunyodkor” klubi futbolchisi Dilshod Ahmadaliev butunlay futboldan chetlatilganligiga qaramay, klublari tarkibida o`rtoqlik o`yinida maydonga tushganligi, bu bilan   O`zbekiston futbol Assotsiatsiyasi Ijroiya qo`mitasi Byurosi qarorlarini buzganligi uchun Ijroqo`m Byurosining 2018 yil 21 fevraldagi  6-sonli Qaroriga ko`ra “Navbahor-Lochinlari” hamda “Bunyodkor” futbol klublarining har biriga  500 million so`m miqdorida jarima solinganligi haqida xabar chiqqan edi.

O`FAning mazkur qarori ko`plab munozaralarga sabab bo`lmoqda. Shundan kelib chiqib, O`zbekiston futbol Assotsiatsiyasi quyidagilarni ma`lum qiladi: 

O`zbekiston futbol Assotsiatsiyasi Ijroiya qo`mitasi Byurosining 2018 yil 21 fevraldagi 6-sonli Qarori amaldagi O`zbekiston futbol Assotsiatsiyasi Ustavining 14-moddasi hamda O`zbekiston Professional futbol ligasi Reglamentining 3.2 bandi, Intizom kodeksining 5.22-bandiga binoan qabul qilingan.

Reglamentning 3-moddasida futbol klublariga alohida talablar belgilangan bo`lib, uning 3.2-bandida futbolga oid har qanday masalalarda O`FA va O`zPFL qarorlariga bo`ysunishi  alohida belgilab qo`yilgan.  Shuningdek, O`FA Intizom kodeksining 5.22 bandida talablarni bajarmaslik uchun intizomiy chora sifatida jarima qo`llanilishi belgilangan. Qo`llaniladigan jarima miqdori esa 500 million so`mgacha  ko`rsatilgan.

Ustavning 14-moddasida Assotsiatsiyasi a`zolari uning qarorlariga to`la muvofiqlikda harakatlanishi belgilangan. Majburiyatlarning har qanday a`zolar tomonidan buzilishi esa sanktsiyalar qo`llanishiga olib kelishi mumkin.

Tan olish lozim, belgilangan jarima miqdori katta, har qanday klub g`aznasiga ta`sir eta oladi. Ammo bugungi kun talabidan kelib chiqiladigan bo`lsa, har qanday sohada ishchanlik ruhi hukm surayotgan, adolat qaror topayotgan, har bir shaxs Vatan farzandi sifatida yurt rivoji uchun kuyib-yonayotgan davrda mas`uliyatsizlikka, e`tiborsizlikka, ishga ko`z-ko`rona  yondoshishga yo`l qo`yib bo`lmasligini har birimiz his qilishimiz kerak. Qabul qilinayotgan rasmiy hujjatlar hayotga tadbiq qilinsagina, vijdonan bajarilsagina unum bo`ladi. Vaholanki, “Navbahor” klubi ham, “Bunyodkor” klubi ham o`zi bo`ysinuvchi tashkilotning hujjatlariga panja ortidan qaradilar, “kim ko`ribdi, kim bilibdi” qabilida ish tutdilar. Qo`llanilgan jazo esa boshqalarga o`rnak misolida, hushyorlikni oshirish, mas`uliyatni his qilish sifatida qabul qilinishi inobatga olingan.

O`zbekiston futbol Assotsiatsiyasi mamlakatimizda futbolni muvofiqlashtirish bo`yicha yuqori tashkilot hisoblanadi. Shunday ekan unga bo`ysunuvchi a`zolar, shu jumladan, futbol klublari uning qarorlarini so`zsiz bajarishi va hurmat qilishi lozim. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb