Olmaliqliklar Turkiyaning Antaliya shahrida tashkillashtirilgan va ancha vaqt davom etgan o`quv-mashg`ulot yig`inidan qaytib keldi. Viktor Kumikov shogirdari Antaliyada oltita o`rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishdi va bularning 1tasida g`alaba, 4tasida durang hamda 1tasida mag`lubiyat qayd etdi. Jumladan, Turkmaniston chempioni “Oltin asr” (3:1) jamoasi ustidan g`alaba qozongan bo`lsa, Rossiya 2-divizioni vakili “Nefteximik” (0:2)ka imkoniyatni boy berib qo`ydi. Vengriya 2-divizion vakili “Segel-2011” (1:1), Ukrainaning “Zarya” (1:1) va “Gelios” (0:0) hamda Gruziyaning “Rustavi” (1:1) klublari bilan durang o`ynadi.
Futbolchilar yig`in davomida to`liq jismoniy va nazariy mashg`ulotlarda ishtirok etishdi. 5 nafar legioner bilan shartnoma tuzildi. Qirg`izistonlik Pavel Matyash (“Maziya”, Maldiv orollari), serbiyalik Vladimir Bubanya (“Zemun”, Serbiya) va Yovan Jokich (“Atirau”, Qozog`iston), moldovalik Vadim Chemirtan (“Bunyodkor”) hamda belaruslik Vladislav Kashminin. Vadim Chemertan aynan BAAdagi yig`inga borib qo`shildi, Kashminin esa o`tgan yili ham AGMK tarkibida o`ynagan. AGMK yangi mavsumga so`nggi tayyorgarlik ishlarini ikki kunlik dam olishdan so`ng bugundan Toshkentda davom ettirishyapti. 1 martga qadar Superliga vakillaridan biri bilan so`nggi nazorat o`yinini o`tkazish rejalashtirilmoqda. 26 fevral kuni futbolchilar jismoniy normativlar topshirishadi. Bu orada yangi qabul qilingan futbolchilarni ommaga tanishtirish marosimi ham tashkillashtiriladi.
AGMK bu yil ham JOMA bilan hamkorlikni davom ettirmoqda. Jamoa rahbariyati tomonidan tasdiqlangan logotip singari sariq va qora ranglardagi liboslardan foydalanadi.