
Kecha Osiyo Chempionlar Ligasining 1-tur o`yinlarini muvaffaqiyatli boshlab bergan “Lokomotiv” jamoasi o`zbekistonlik futbol ishqibozlariga xush kayfiyat ulashgandi. Muxlislar huddi shunday xursandchilikni bugun “Nasaf” jamoasi ham davom ettirishiga umid bildirishmoqda.
“Ajdarlar” Toshkent vaqti bilan soat 18.45da Eronning “Persepolis” jamoasiga qarshi safarda maydonga tushishadi. Ro`ziqul Berdiev shogirdlarining bu galgi raqiblari anoyilardan emas – “Persepolis” o`z mamlakati chempionatining o`n karra g`olibi sifatida rekordchi hisoblanadi, OChLning etti karra ishtirokchisi, o`tgan mavsumda musobaqaning yarim finaligacha etib borgan, ayni paytda ichki chempionatda yaqin ta`qibchisini o`n to`rt ochkoga ortda qoldirgan holda deyarli navbatdagi chempionlikni ham hal qilib ulgurgan jamoa hisoblanadi. Bu klubda o`z davrida Ali Karimi, Ali Dai, Mehdi Mahdavikiya kabi mashhur futbolchilar to`p surishgan.
Kecha bo`lib o`tgan matbuot anjumanida “Persepolis” jamoasi bosh murabbiyi Branko Ivankovich “Nasaf”ni obdan o`rganganini, kuchli klubga qarshi o`yin qiyin kechishini, ammo ko`pming sonli muxlislari qo`llab-quvvatlashlari foydasiga ham g`alaba qozonishlariga ishonayotganini gapirib o`tdi. “Nasaf” bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdiev esa 70 ming tomoshabinga mo`ljallangan stadion agar muxlislarga to`lib-toshadigan bo`lsa bu shogirdlariga ortiqcha bosim bermasligini, aksincha, futbolchilar bunday jarayonda erkin harakat qilishlarini, faqat muvaffaqiyat qozongan holda millionlab o`zbekistonlik muxlislariga bayram kayfiyati ato etishlarini ta`kidladi...
OChL-2018. “S” guruhi, 1-tur
“Persepolis” (Eron) – “Nasaf” (O`zbekiston)
Tehron shahri. “Ozodiy” stadioni.
Hakamlar: Kim Dong Jin, Sung Bonkyun, Kvak Suyungsun (barchasi J.Koreyadan)
Zaxira hakami - Dmitriy Mashentsev (Qirg`iziston)
Nazoratchi - Muhammad Basil Alhajjar (Suriya)
Komissar - Sivakumar (Singapur).
O`yin Toshkent vaqti bilan soat 18:45da boshlanadi.