
Yil boshidanoq terma jamoalarimiz ham, klublarimiz ham muxlislarga chinakam futbol mavsumini taqdim etishmoqda. Olimpiyachilarimiz va “Nasaf”ning muvaffaqiyatlarini bugun “Lokomotiv” ham davom ettirdi. “Lokomotiv” Osiyo Chempionlar Ligasining biringchi turida BAAning “Al-Vaxda” jamoasini qabul qildi. Tomoshabinlarga deyarli to`la stadionda kechgan o`yinda maydon egalari ishonchli tarzda g`alaba qozonishdi. Tarkibi nomdor futbolchilardan iborat, buning ustiga Sardor Rashidovdek xorijda tajriba orttirib qaytgan futbolchilarni jamlay olgan “Lokomotiv” raqiblar darvozasiga javobsiz beshta gol yo`llashdi.
Birinchi bo`limda Nivaldo dastlabki golga mualliflik qildiyu, maydonni Sardorga bo`shatib berdi. Ikkinchi bo`limda esa “temiryo`lchilar” raqiblar darvozasiga gollar yomg`irini yog`dirishdi. Ayniqsa, Ikrom Aliboevning maydon markazidan to`pni darvozabon usti osha darvoza to`riga tushirishi nafaqat turning, balki OChLning mavsum oxiriga qadar chiroyli goli bo`lib yangrasa ne ajab.
Sardor Rashidovning o`ziga xos driblinglari muxlislar olqishiga sazovor bo`ldi, uning tomonidan kiritilgan gol ham chiroyli aks oldi. Yana bir golga raqiblarning o`zlari mualliflik qilib qo`ya qolishdi. Ikrom Aliboevning uchrashuv so`nggi daqiqalarida kiritgan ikkinchi goli esa hisobni yanada yirik bo`lishini ta`minladi.
“LOKOMOTIV” (O`zbekiston) – “AL VAHDA” (BAA) - 5:0.
OChL-2018. “B” guruhi. 1-tur
Hakamlar: Tojo Minoru, Ochi Shinji, Takagi Takumi (barchasi Yaponiyadan), Chorimurot Qurbonov (Turkmaniston).
“Lokomotiv” (O`zbekiston): Ignatiy Nesterov, Kaxi Maxaradze, Nivaldo (Sardor Rashidov, 36), Sadriddin Abdullaev, Ikrom Aliboev, Marat Bikmaev, Sardor Mirzaev (Sherzod Karimov, 83), Islom To`xtaxo`jaev, Sanjar Shoahmedov (Igor Yelich, 76), Shuhrat Muhammadiev, Oleg Zoteev.
"Al Vahda" (BAA): Rashid Al Suvaydi, Salim Sulton Al Sharji, Muhammad Abdulbosit (Halil Ibrohim, 79), Ismoil Matar, Muhammad Salim (Muhammad Al Shahi, 56), Nosir Abdulxodi (Muhammad Rashid, 63), Xolid Ibrohim, Balaj Jujak, Ahmad Salmon, Ahmad Rashid, Muhammad Salmon.
Gol: Nivaldo (25), I. Aliboev (53, 86), Sardor Rashidov (58) - Salim Sulton Al Sharji (55, o`z darvozasiga).
Ogohlantirishlar: Salim Sulton Al Sharji (34), Balaj Jujak (41).
Nazoratchi - Inoyat Ma`sud (Eron)
Komissar - Chan Ka Chung (Gong Kong).