Yangi mavsum boshlanishiga sanoqli kunlar qolmoqda. Superliga klublari ayni kunlarda o`yin amaliyotini shakllantirish uchun ko`rik-nazorat uchrashuvlariga zo`r berishmoqda. Bekobodning “Metallurg” jamoasi tayyorgarlikning so`nggi bosqichini Qibray o`quv-mashg`ulot maskanida olib bormoqda.
Andrey Shipilov etakchiligidagi futbolchilar har kuni ikki mahaldan mashg`ulotlar o`tkazishyapti. O`z navbatida nazorat uchrashuvlariga ham katta e`tibor qaratishyapti. Muqaddam bir haftalik ish yakunlari shunday o`yinlar bilan xulosalanilgan bo`lsa, mavsum yaqinlashgan sayin nazorat uchrashuvlari soni ham ortib bormoqda. Jumladan, bugun Toshkent viloyati “Do`stlik” jamoa xo`jaligi stadionida bekobodliklar Navoiyning “Qizilqum” jamoasiga qarshi maydonga chiqishadi. 14 fevral sanasiga “Neftchi” bilan, 17 fevral kuniga esa “So`g`diyona” bilan nazorat uchrashuvlari rejalashtirilgan. Mazkur o`yinlar yangi mavsum oldidan murabbiylar shtabi uchun asosiy tarkibni shakllantirishda so`nggi ko`rik vazifasini o`tab beradi.
Shu o`rinda kecha “Metallurg” futbol klubi O`zbekiston futbol assotsiatsiyasining dastlabki ro`yxati (“zayavka”)dan o`tganligini aytib o`tish lozim. Jamoa bilan shartnoma imzolagan hamda tibbiy ko`rikdan o`tgan futbolchilarning birinchi guruhi O`FAda “zayavka” qilindi. Qolgan futbolchilar va klub rahbariyati vakillari 19 fevral kuni ro`yxatdan o`tadi.