
Superliga klublarida faoliyat olib borayotgan marketing bo`limi xodimlari 8-12 fevral kunlari Yaponiyaning Tokio shahrida bo`lib o`tadigan seminarda ishtirok etishadi.
Ushbu seminar O`zbekiston Futbol Assotsiyatsiyasi hamda Yaponiya Futbol Assotsiyatsiyasi o`zaro tomonlar hamkorligi memorandumi asosida tashkil etiladi. Unda, klublar marketing bo`limi vakillaridan tashqari, O`zPFL marketing bo`limi xodimlari ham ishtirok etishadi va klublar vakillariga seminar davomida xamrohlik qilishadi.
Seminar davomida, marketing xodimlari uchun trening tashkil etiladi. Unda marketing bo`yicha turli loyihalar, uchrashuvlarga homiylar va hamkorlarni topish, uchrashuvlar translyatsiya huquqini sotish orqali daromad qilish kabi masalalar o`rganiladi. Ishtirokchilar seminar davomida shuningdek, Yaponiya Superkubogi uchrashuvini ham tomosha qilishadi va ushbu uchrashuv tashkiliy ishlari bilan ham tanishishadi.
Ta`kidlash joiz, ushbu seminar ikki mamlakat futbol Assotsiyatsiyalari o`rtasidagi hamkorlik memorandumi asosida o`tkazilayotgan ilk seminardir va tomonlar bu borada ikkala mamlakat futbol assotsiyatsiyalari, liga klublari xodimlari uchun yana seminarlar tashkil etish haqida kelishishgan.