
Bugun Osiyoning 8ta shahrida qit`a chempionlar ligasining yangi mavsumi pley-off bahslari bo`lib o`tadi. Diqqatga sazovor jihati shundaki, bugun o`tkaziladigan uchrashuvlarning 2tasida O`zbekiston klublari ham ishtirok etishadi.
O`zbekiston vitse-chempioni – Qarshining “Nasaf” klubi o`z uyida Iordaniyaning “Al Faysali” jamoasini qabul qiladi. Yana bir jamoamiz – “Paxtakor” esa Qatarda “Al G`arafa” klubi mehmoni bo`ladi. Mazkur ikki o`yinda g`olib chiqadigan jamoalar 2018 yilgi Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichida ishtirok etish imkoniga ega bo`lishadi.
Ta`kidlash joizki, “Nasaf” ushbu raqibi bilan oldin ham tuqnash kelgan. O`shanda yana bir nufuzli musobaqa – OFK kubogi-2011ning nimchorak finalida yo`llari kesishgan jamoalar bahsida ammanliklar Qarshida 2:1 hisobida mag`lub etilgandi. “Nasaf” bu gal ham Iordaniya jamoasidan ustun ekanini isbotlashga urinib ko`radi.
Bugungi bellashuvni qarshiliklar ko`k rangli liboslarda, mehmonlar esa oq-qora rangdagi liboslarda o`tkazishadi. Uchrashuvni yaponiyalik FIFA hakami Xiryuki Kimura boshqaradi. Unga qanotlarda hamyurtlari Ochi Shinji va Takagi Takumilar yordam berishadi.
OChL-2018. Pley-off uchrashuvi
“Nasaf” (Uzbekiston) – “Al Faysali” (Iordaniya)
30.01.2018. Qarshi sh., “Markaziy” stadion. 16:00da
Bosh hakam: Xiryuki Kimura (Yaponiya)
Qanot hakamlari: Ochi Shinji, Takagi Takumi (ikkalasi ham Yaponiyadan)
Zaxira hakami: Nasrullo Kabirov (Tojikiston)
Nazoratchi: Ali Hamad Badaviy (BAA)
Uchrashuv komissari: Dorji Mindu (Butan)
“Paxtakor” esa “Al G`arafa”ga qarshi o`yinda sariq liboslarda, mezbonlar bo`lsa oq liboslarda maydonga tushadi. O`yinda iroqlik hakamlar brigadasi ishlaydi. Mohannad Qosim Isi Sarray mazkur uchrashuvda bosh hakam sifatida ishlaydigan bo`ldi.
OChL-2018. Pley-off uchrashuvi
“Al G`arafa” (Qatar) - “Paxtakor” (O`zbekiston)
30.01.2018. Doha sh., 22:00da
Bosh hakam: Mohannad Qosim Isi Sarray (Iroq)
Qanot hakamlari: Muayad Muhammad Ali, Vaziq Obayd Svaydi (Iroq)
Zaxira hakami: Zaid Tamir Muhammad (Iroq).
Nazoratchi: Omar Musa Xalaf Lum (Iordaniya).
Uchrashuv komissari: Sivakumar (Singapur).
Kecha bo`lib o`tgan o`yinoldi matbuot anjumanlarida har ikki o`zbek klubi bosh murabbiylari ham bugungi o`yinlarda faqat g`alabaga umid qilishayotganini ta`kidlab o`tishdi:
- Ushbu o`yinni, mavsum boshidagi o`yin bo`lganligi uchun ham finalga tenglashtirgan bo`lar edim. Biz nasib etsa guruh bosqichiga chiqish masalasini hal qilamiz. Buni juda hohlaymiz. O`yin kuni hamma futbol ishqibozlarining e`tibori bizga qaratiladi. Bu bizdan katta ma`suliyat talab qiladi. Bu ma`suliyatni hammamiz his qilib turibmiz. Yangi futbol mavsumini g`alaba bilan boshlash ishtiyoqidamiz, - dedi “Nasaf” ustozi Ro`ziqul Berdiev.
- Bu bir bellashuvdan iborat to`qnashuvdir. Ikkinchi imkoniyat berilmaydi. Maqsadimiz g`alaba qozonish va bunga bor kuchimiz bilan intilamiz. Futbolda har qanday holat sodir bo`lishi mumkin. Raqibimiz o`yinlarini tahlil qilib chiqdik. Bu biz uchun mavsumdagi birinchi rasmiy uchrashuvga aylanadi. Bahsga hozirlik ko`rish uchun tayyorgarlik jarayonini o`tkazdik. Rasmiy o`yinlar amaliyoti borligi "G`arafa"ga kichik ustunlik berar, ammo biz mavsumni yangi kuch hamda g`alaba bilan boshlash yo`lida borimizni beramiz, - deya fikr bildirdi “Paxtakor” bosh murabbiyi Shota Arveladze.
Umid qilamizki, har ikki klubimiz ham bugun o`zbekistonlik futbol ishqibozlariga ajoyib g`alabalar taqdim etishadi.