
Barchamiz uchun birdek qadrli bo`lgan Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich!
Bugun sizga o`zbekistonlik millionlab futbol muxlislari, murabbiylar, federatsiyamiz vakillari va albatta, Osiyo maydonlarida mardonavor to`p surgan terma jamoamiz a`zolari nomidan murojaat qilayotganimizdan bag`oyatda baxtiyorman.
Sizning rahnamoligingizda O`zbekiston sporti, xususan futbolimiz oldinga kattagina qadam tashladi deb bemalol ayta olamiz! O`tgan yil yakunida yuz bergan o`zgarishlar ko`p o`tmay, o`zining mevasini bera boshladi va 23 yoshgacha bo`lgan yigitlarimizdan tashkil topgan jamoamiz Osiyo mamlakatlarini ortda qoldirib, qit`a chempionligini qo`lga kiritdi. Bunda sizning farzandlaringiz, mamlakatning etuk o`g`lonlari futboli taraqqiy etgan Xitoy, Ummon, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi davlat termalarini mag`lub etib, dramatik ruhda kechgan o`yinda Vetnamni ham dog`da qoldirib, shohsupaning eng yuqorisidan joy olishdi.
Bir necha oy ilgari O`zbekiston yakkakurashlarda o`z o`rniga ega ekani haqida aytib, jamoaviy sport turlarida ham o`sishimiz, oldinga qadam tashlashimiz zarurligini kuyunib gapirgandingiz. Ishonamanki, Sizning bu so`zlaringiz o`zbekistonlik barcha sportchilarimizning ongiga muhrlanib, ularning yuraklariga qadar etib borgan. Biz bugun buni futbolchilarimiz misolida ko`rib turibmiz.
Sizning rahbarligingiz, tashabbusingiz va albatta g`amxo`rligingiz ostida mehnat qilish barchamiz uchun birdek sharafli. Umid qilamizki, yangi yildagi debyut g`alabamiz qolgan futbolchilar ruhiyatiga ham ijobiy ta`sir ko`rsatib, biz kelajakda ulkan g`alabalarni hali ko`p nishonlaymiz. Barchasi uchun katta rahmat!
Hurmat bilan, Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov.