Jamoa tayyorgarlikni o`tgan yil dekabr oyining yarmida boshlagan. Dastlabki yig`in 14-29 dekabr kunlari Toshkent viloyati tog`li hududida joylashgan “Oltin Olma” majmuasida o`tkazildi. 18 dekabr kuni futbolchilar Chirchiqda O`FF tomonidan talab etilayotgan test normativlarini topshirdi.
Jamoa rejasiga ko`ra, mavsum boshlanguniga qadar 4 bosqichdan iborat yig`in tashkillashtiriladi. Ikkinchi yig`in 4 yanvardan Turkiyaning Antaliya shahrida davom ettirilmoqda. Uchinchi yig`in ham aynan shu shaharda, 2-18 fevral kunlari tashkillashtirilishi belgilangan. So`nggi yig`in Toshkent shahrida 20 fevraldan birinchi tur o`yiniga qadar bo`lib o`tadi.
Jamoa xorij yig`inidagi ilk o`rtoqlik uchrashuvini 10 yanvar kuni Bishkekning "Dordoy" jamoasiga qarshi o`tkazdi. Qiziqarli kechgan uchrashuvda AGMK 2:1 hisobida g`alaba qozondi. Olmaliqliklar 15 yanvarda o`quv-mashg`ulot yig`ini rejasidan o`rin olgan ikkinchi o`rtoqlik o`yinida maydonga tushdi. Bunda AGMKga Ruminiya 1-ligasida 8-o`rinda borayotgan "Politexnika Iasi" jamoasi raqiblik qildi. Turkiyalik hakam Kemal Deyer boshqargan bahsda vakillarimiz 1:2 hisobida mag`lubiyatga uchradi.
AGMK yig`in yakuniga qadar yana uchta o`rtoqlik uchrashuvi tashkillashtirishni rejalashtirgan. Bular - 19 yanvarda “Shaxtyor” (Qozog`iston), 23 yanvarda “Konkordia Siajna” (Ruminiya), 27 yanvarda “Spartak Subotitsa” (Serbiya).
2017 yil yakuni bo`yicha jamoani Rahmatullo Berdimurodov, Shavkat Mullajonov, Islom Inomov, Yahyo Ro`ziev, Azizbek Suyunov, Viktor Klishin, Shota Grigalashvili, Farhod Musabekov, Igor Yelich, Vusal Magerramov, Abror Karimov tark etishdi. Shartnomasi yakunlangan bir qator futbolchilar bilan esa qayta bitimlar imzolandi.
2018 yilgi mavsumda jamoa sharafini himoya etishi mumkin bo`lgan bir qator futbolchilar jamoa mashg`ulotlarida ishtirok etmoqda. Jumladan, xorijlik futbolchilar ham. Anton Zemlyanuxin (Qirg`iziston), Vladimir Bubanya (Zemun, Serbiya) shular jumlasidan. Mashg`ulotlarda qatnashgan va o`rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushgan Serbiya fuqarolari Marko Radosavlevich va Nikola Ashcherich esa murabbiylar ishonchini oqlamadi.
Mavsum boshlangunga qadar taxminan 10 nafarga yaqin futbolchi jamoaga qo`shib olinishi mumkin.
AGMK JOMA bilan hamkorlikni davom ettiradi. Bu yil jamoa rahbariyati tomonidan tasdiqlangan logotip singari sariq va qora ranglardagi liboslardan foydalanadi.