Aksariyat jamoalar kabi “Buxoro” ham tayyorgarlik ishlarini yangi yildan keyin boshladi. 5 yanvardan Toshkentda yig`ilgan jamoa mashg`ulotlarini “NBU-Osiyo” stadionida olib bordi. 13 yanvar kuni “Mash`al” jamoasiga qarshi o`rtoqlik uchrashuvida durang natija qayd etildi - 2:2. Kechadan qisqa muddatli ta`tilga chiqqan futbolchilar 19 yanvar kuni yana Toshkentda yig`iladi. 23 yanvar kuni “Qo`qon -1912”, 27 yanvarda esa “Bunyodkor”ga qarshi o`rtoqlik uchrashuvlari belgilangan.
O`tgan mavsum yakunida jamoani bir qator futbolchilar tark etishdi. Bular - Akmal Tursunboev (“Metallurg”ga), Muhiddin Xudoyorov, Alisher Samatov, Azamat Allaniyozov (“Navbahor”ga), Zohir Primov, Kril Pasichnik, Ivor Vaytser, Suxrob Ne`matov, Alisher Sanoev.
Tarkibda bo`lgan, biroq shartnoma muddatlari yakunlangan Bobur Amonov, Tohir Shamshitdinov, Rabbim Hasanov, San`at Shixov, Salamat Qutiboev, Artyom Filiposyan, Nozim Umurovlar bilan o`rtadagi kelishuv yana bir yilga uzaytirildi. Sardor Sulaymonov (“Dinamo”dan), Shavkat Salomov (“Atirau”dan, Qozog`iston), Shavkat Mullajonov, Rahmatullo Berdimurodov (ikkalasi ham “Olmaliq”dan), Shaxboz Erkinov (“Nasaf”dan) bilan yangi shartnomalar tuzildi. Shuningdek, yig`inlarda belaruslik Sergey Rusetskiy hamda o`tgan mavsumda “Mash`al”da o`ynagan Firdavs Asadov ishtirok etdi. Akmal Tursunboev ortiga qaytdi. Mashg`ulotlarda qatnashgan Nikita Ribkin (“Qo`qon-1912”) esa yig`in so`nggida jamoani tark etdi.
Murabbiylar rejasiga ko`ra, mavsum boshlangunga qadar har bir ampualada ikki nafardan munosib o`yinchilar joy olishi ko`zda tutilgan.
Jamoa yangi mavsumda qaysi kompaniya brendi ostida, qanday rangdagi sport kiyimlarida maydonga tushishlari haqida hali biror echimga kelganicha yo`q.