O`zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan katta ko`lamdagi islohotlar keng omma orasida muhokama bo`layotganligi, har kim o`z fikr va mulohazalari bilan o`rtoqlashayotganligi quvonarli. O`FF va O`zPFL tomonidan ishlab chiqilgan yangi, zamonaviy talablarni bajarishga mas`ul bo`lganlar esa allaqachon amaliy ishga kirishganligi, qisqa fursat ichida sezilarli o`zgarishlarni yuzaga keltirganliklari ham ayni haqiqat. Yangi talablar, ularni hayotga tadbiq qilish, qolaversa, bugungi dolzarb masalalar bo`yicha “Nasaf” professional futbol klubi bosh menejeri Shamil Yarulin quyidagilarni bildirdi.
- Mamlakatimizda tub islohotlar amalga oshirilyapti. Bu jabhada boshqa sohalar kabi futbolimiz ham chetda qolmadi. Ayniqsa, tashkilotimizda yangi rahbarlar ish boshlagach, chinakam yangiliklarga qo`l urildi. 25 yildan ortiq davrdan buyon o`tkazilayotgan milliy chempionatimizda turli yillarda turli o`zgarishlar bo`lgan, ammo bu qadar tub burilish kuzatilmagandi. Musobaqa tizimidagi jiddiy o`zgarishlar, klublar zimmasiga yuklatilgan qat`iy talablar boshqa sohalar kabi futbolda ham mas`ul bo`lgan barcha rahbarlarga, ishchi-xodimlarga, murabbiylarga, hatto futbolchilarga ham zamon bilan hamohang ishlashga, islohotlarga dahldor hissi bilan yashashga undayotganligi rost.
Mubolag`a emas, keng futbol ommasi, jumladan, biz mutaxassislar ham keyingi yillarda futbolimizda o`zgarishlar bo`lishini, yuksak natijalarga erishish uchun nimadandir voz kechish va nimagadir asos solish haqida ko`p gapirayotgan, hatto talab qilayotgan ham edik. Mana, o`zgarishlar ham boshlandi. Oldimizga jiddiy talablar qo`yilyapti. Bu talablarni bajarmas ekanmiz hech qanday yutuqlarga erisha olmasligimiz aniq. Futbolimizning yangi rahbariyati har bir klubga chinakam professional bo`lishni talab qilyapti. Nihoyat, klub birgina jamoadan iborat bo`lmasligi, aks holda davomli muvaffaqiyatlarga erisha olmasligimizni tan olayapmiz. Shu paytgacha yangilikka qo`l urmadikmi, yangi rahbariyat bizdan yangicha ishlashni talab qilyaptimi, demak bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilishimiz, samaradorlikka intilishimiz zarur. Shundagina ko`zlangan marraga erishishimiz mumkin.
- Klubda talablar bandlarini bajarish u qadar muammolar tug`dirmayotgan bo`lsa kerak, chunki “Nasaf” zamonaviy sharoitlar bo`yicha mamlakatimizdagi etakchi klublarning oldi jamoalaridan sanaladi.
- Ta`kidingiz to`g`ri. Haqiqatdan ham “Nasaf” ancha yillardan beri professional tarzda faoliyat yuritib kelyapti, Reglament talablarining aksariyati bo`yicha sharoitlar yaratilgan. Shuning uchun bu talablarni bajarish biz uchun katta qiyinchilik tug`dirmayapti.
- Shunday bo`lsa ham talablardan kelib chiqib, bajarilgan va bajarilayotgan vazifalarga misollar keltirsangiz.
- Aytaylik, klubimiz qoshidagi futbol maktabimiz. Hozirgi kunda mazkur maskanimiz tarbiyalanuvchilarining ko`pchiligi asosiy tarkib o`yinchilariga aylanishgan. Bunday kelajagi bor yoshlar yana ko`plab topiladi. Futbol maktabimizni yanada rivojlantirish uchun rejalarimiz bor. Masalan, bu yildan intiluvchan, o`z bilimini oshirishga harakat qilayotgan murabbiylarimizni klub hisobidan rivojlangan xorij klublariga tajriba oshirishga yubormoqchimiz. Maqsad, malakali murabbiy qo`l ostida shug`ullangan iste`dodlarni kelgusida boshqa klublarga, asosan xorijga yuborish orqali klubimizga qo`shimcha mablag` ham topish. O`zingizga ma`lum, futbol maktabi yohud akademiyasiga ega bo`lmagan klublarda asosiy mablag` o`yinchi xarid qilishga sarflanmoqda. Demak, O`FFning talablaridan biri – Futbol Akademiyalari tashkil etishdan ko`zlangan maqsadlardan biri ham shu, juda to`g`ri talab. Faqat bunyod etiladigan Akademiyalar to`g`ri yo`ldan borishlari, shu paytgacha futbol maktablarida qilinib kelingan qing`irliklarni, ya`ni yosh futbolchilarning yoshini kamaytirish kabi illatlarni takrorlashga yo`l qo`ymasliklari zarur. Yaqinda bir necha nafar futbolchilar, O`FF prezidenti qaroriga ko`ra, yoshini kichraytirgani uchun futboldan chetlatildi. Bu kimlargadir fojea bo`ldi. Lekin qachondir fosh etilishi kerak edi. Chunki, bunday futbolchidan na o`ziga, na klubga foydasi bor. Bundaylar kelajagi bor yosh futbolchilarning o`rnini egallab, ularning yo`lini to`sib qo`yayotgan edi. Bu ham to`g`ri qaror bo`ldi.
Klubimiz qoshidagi “Sevinch” ayollar jamoasining faoliyati, erishgan yutuqlari va ular uchun yaratilgan sharoitlar borasida alohida to`xtalmasam ham bo`ladi. Jamoani bir qator etakchi futbolchi qizlar tark etishgan bo`lsa-da, chempionlik maqsadi baribir saqlanib qolgan. Birinchi marta o`tgan yili kumush medal bilan kifoyalandi, bu yil yana bosh sovrin uchun kurashadi. “Sevinch” ayni paytda chetdan futbolchi taklif etishga muxtoj emas, sababi, bir nechta guruhlarda iste`dodli o`smir qizlar tarbiyalanmoqda.
Futzal borasida ham jamoa tuzish arafasida turibmiz. Barcha jamoalarimiz kabi futzalchilarimizning ham faqat yuqori o`rinlar uchun kurashishini maqsad qilgan holda tajribali murabbiy va mahoratli futzalchilarni chorlayapmiz. Jamoa shug`ullanishi uchun sharoitlar etarli, sport manejlari, trenajer xonalari, yotoqxona – bulardan muammo bo`lmaydi.
Afsuski, nafaqat qarshilik, balki mamlakatimizning barcha hududlaridagi futbol ishqibozlarimiz keyingi paytlarda futbolimizdan bezishgani rost, bunga talaygina sabablar bo`ldi. Ular ko`proq Evropa futbolini tomosha qilganliklari uchun, bizda ham shunday futbol bo`lishini xohlashadi. Bu to`g`ri talab. Klublarni qanchalik rivojlantirmaylik, terma jamoa a`zolariga qay darajada sharoitlar yaratib bermaylik baribir muxlis kutgan o`yinlar bo`lmayapti. Qachonki futbolchilarimiz har tomonlama o`zlarini ko`rsatsalar, natija qila olishsagina futbolimiz o`sadi, muxlislar ham taskin topadi. Lekin tanganing ikkinchi tomoni bo`lgani kabi, futbolimiz rivojiga muxlislarning ham ulushi-yu, ta`siri bor. Klubimiz qoshidagi Muxlislar klubi avvaldan faoliyat yuritib keladi. Sanjar Sayfiev rahbarligidagi Muxlislar klubining bir guruh a`zolariga maxsus xona ajratilgan, stadionda futbolchilarni qo`llab-quvvatlash uchun maxsus cholg`u asboblari, bir xil rangdagi sport kiyimlari, xullas professional klubga mos muxlislar faoliyati mavjud. Ularga yanada kengroq sharoitlar yaratish, dunyoga mashhur klublarning Muxlislar klublari bilan aloqalar o`rnatish, ularning ish tizimidan o`rnak olish kabi vazifalarni rejalashtirganmiz.
Qolaversa, “Nasaf” klubi o`tgan yili bosh homiymiz “Sho`rtangazkimyo” majmuasi ko`magida teleuskunalar xarid qildi. O`tgan yildan boshlab o`yinlarimiz televidenie orqali namoyish qilina boshlandi. Jahon futbolida aksariyat klublar aynan bu orqali ham qo`shimcha mablag` ishlab topishadi. O`ylaymanki, biz ham buni tajribamizga kiritamiz.
- Futbolchilarga qo`yilgan talablar borasidagi fikrlaringiz qanday?
- Bizning asosiy vazifamiz zamonaviy futbol o`ynash uchun futbolchi va murabbiylarga kerakli sharoitlarni yaratish. Bu futbolga oid infratuzilmalar va ish haqi. Aytish mumkinki, futbolimizni rivojlantirish uchun ko`p ishlar qilindi, sharoitlar yaratildi. Aksariyat joylarda futbol infratuzilmasi chinakam zamon talablari darajasiga keltirildi. Futbolchiga to`lanadigan maosh va mukofot pullari oshirildi. Ammo bu bilan futbolga bo`lgan munosabatimizni tubdan o`zgartirdik, deya olamizmi? O`sha muxlislar yaxshi ko`rgan Evropacha futbolni o`ynay olayapmizmi? O`z ustimizda ishlayapmizmi? Afsuski yo`q. Bu borada ham futbolimiz rahbariyati tashabbuskor bo`layapti, bizni ishlashga undayapti. Men futbolchilarga nisbatan normativlar topshirilishi joriy etilganini nazarda tutayapman. Xo`sh, bir necha raqamdan iborat miqdordagi maoshlarni talab qilayotgan futbolchilarimiz shu katta maoshlarni oqlashyaptimi? Ishqibozga yoqadigan jozibador futbol o`ynayaptimi, o`z saviyasini oshirib boryaptimi? Hammasi ham emas. Mana endi ularga nisbatan ham talab jiddiy bo`ladi. Qay saviyadagi futbolchi bo`lishidan qat`iy nazar jismoniy jihatdan etuk, sog`lom va albatta, aqlli bo`lishi talab etilmoqda. Shularga javob bersa marhamat, maydonga tushadi, eplay olmasa o`rnini eplaydiganlarga bo`shatsin. Bu talablar murabbiy ishini ham osonlashtirdi.
- “Nasaf”da hamma ishlar “besh”dek ko`rinadi, lekin har mavsumda tarkibni ko`plab futbolchilar tark etishi, zo`r sharoiti bo`la turib chempionlikka erisha olmasligi... bularga nima deysiz?
- Ingliz Aleks Fergyussonni futboldagi namuna deb bilaman. U kuchli menejer bo`lgan. Klub rahbari sifatida futbol jamoasi atrofidagi barcha tashkiliy ishlarni boshqargan. Ammo u aksariyat futbol ishqibozlariga ko`proq kuchli murabbiy sifatida tanish. Lekin u o`zini murabbiy deb hisoblamagan. U jamoani katta yutuqlarga etaklash bilan birga, klubning rivoji uchun ham ko`p e`tiborini qaratgan. Kelib chiqadiki, uning asosiy maqsadi klubni rivojlantirish bo`lgan. Bizda ham aksariyat holda ikkita ishni bir inson qilishi odatga aylangan. Aytaylik, bosh murabbiy o`z ishi u yoqda qolib, ko`p vaqtini tashkiliy ishlarga sarflaydi. Natijasi esa ma`lum. Aslida, futbol klubini menejer boshqarsa, futbol jamoasi masalasini bosh murabbiy hal etadi. Ikkisini bir biri bilan almashtirib bo`lmaydi. Klubning yutug`i ham, kelajagi ham shu ikki rahbarga bog`lik. Bu ikki lavozimdagi shaxs o`zaro tandem hosil qilishi kerak. Agar ikki rahbar asosiy maqsad oldida yakdil bo`lmasa, kerakli natijaga erishish amrimahol. Ro`ziqul Berdiev bilan maqsad va vazifalarimiz ulkan. Lekin bizga ko`pincha “Nasaf” hech qachon chempionlik uchun kurashmaydi”, deb ta`na qilishadi. Vaholanki, klubimiz faqat shu maqsad uchun harakat qilgan, qilmoqda va bundan keyin ham shunday bo`lib qoladi. Faqat bu maqsadga erishish uchun bizning yondoshuvimiz boshqalarnikidan farq qiladi. O`ylaymanki, “Nasaf”ning chempion bo`lishini muxlislarimiz uzoq kutishmaydi. “Nasaf” bunga etib keldi.
Jamoani tark etganlarga kelsak, bu futbol qonunlaridan biri. Albatta, jamoani tark etish ma`lum sabablarga ko`ra ro`y beradi. Ba`zan bu holat uchun klub rahbari yoki murabbiy aybdor hisoblanadi – so`ragan mablag`ini bera olmagani uchun futbolchi ketib qoldi, deyiladi. Ammo klub imkoniyatidan tashqari, katta miqdordagi ish haqi va mukofot pulini so`ragan o`yinchining talabini qondirishga mavjud mablag`imizni sarf qila olmaymiz. Buning uchun klub menejeri yoki boshqa rahbar xodimni ayblash noo`rin. Sababi, klubga ajratiladigan mablag` faqat shu maqsad uchun berilmaydi. Bizda jamoa uchun xizmat qiladigan ko`plab infratuzilmalar bor, shunga yarasha xarajatlar ham ko`p - akademiya, stadion, futbolchilar uchun ajratilgan bazalar. Shundan kelib chiqib, klubimiz kelajagi uchun bosh qotiramiz, poydevorimiz kuchli bo`lishini istaymiz. Bu klubning ustivor yo`nalishi hisoblanadi. Vaqtinchalik va qimmatbaho o`yinchi bilan davomli yutuqlarga erishishning imkoni yo`q. U baribir ko`proq pul to`laydigan jamoaga ketib qolaveradi. Aslida bunday futbolchilarni ayblashimiz ham noto`g`ri, deb o`ylayman. Chunki bu futbolchilar klubingning yutug`lari uchun mehnat qildi, ter to`kdi. Biz har bir futbolchimizni hurmat qilishimiz, o`z umrini, kuchini sarf qilgan futbolchini qadrlashni o`rganishimiz kerak. Ba`zan eshitib qolaman, kecha stadionda ularni olqishlab turgan ishqibozlarimiz, ular ketgach, haqorat qilishga o`tishadi, bu yaxshi emas.
Bugungi kunda klublarimiz homiy tomonidan ajratiladigan mablag`lar evaziga faoliyat yuritishi sir emas. Biz o`zimizga berilayotgan mablag`ni to`g`ri sarflayapmizmi? Buni ham tahlil qiladigan vaqt etib keldi. Klubga ajratilgan mablag` faqat jamoa xarajatlari uchun emasligini endi hamma bilishi kerak. Bu mablag` evaziga butun klub faoliyat yuritadi. Futbol jamoasining to`laqonli hayoti uchun mehnat qilayotgan ko`psonli klub xodimlariga ish haqi ham to`lanadi. Ko`pchilik muxlislarning fikricha, bu mablag`lar faqat zo`r va qimmat o`yinchilar uchun sarflanishi kerak. Bu noto`g`ri tushuncha.