O`zbekiston futbol federatsiyasi hamda O`zPFL hamkorlikdagi ishchi guruhining viloyatlarga safar etishi va u erdagi futbol infratuzilmasi bilan yaqindan tanishish, nazariy va amaliy yordam berish, mavsumga tayyorgarlik ishlarini o`rganish davom etmoqda. O`tgan haftada ishchi guruhning Jizzax viloyatiga tashrif buyurganidan xabaringiz bor. Tashrif davomida viloyat bosh jamoasi “So`g`diyona”ning O`zPFL talablariga javob berish yoki bermaslik jihatlari obdan o`rganildi. Xo`sh, “So`g`diyona” Superligaga mos jamoami, O`zPFL talablariga javob bera oladimi? Viloyat futbol federatsiyasi vitse-prezidenti Anvarjon Musulmonov shular, qolaversa, O`FF tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar bo`yicha o`z fikr-mulohazalarini bildirdi.
- Shu paytgacha “So`g`diyona” oliy ligada o`ynaganini, yangi stadionimizga ega bo`lganimizning o`zini “Biz professional klubmiz” deb yurgan ekanmiz. O`FFda tub islohotlar amalga oshirilgach, yangi rahbariyat butunlay yangicha, zamon talablari darajasida ishni tashkil etgach, va buning javobi o`laroq yangi tahrirdagi Reglament ishlab chiqqach biz chinakam professional klub bo`lish uchun hali ko`p ishlashimizni tushunib etdik.
- Yangi tahrirdagi Reglament talablari sizlarni qiynab qo`ymayaptimi? Uning har bir bandiga javob bera olayapsizlarmi?
- O`FF hamda O`zPFLning talablari xalqaro hamda shiddat bilan o`zgarib borayotgan zamon talablariga mos tushgan. To`g`ri, talabnomalarni qo`lga olgan onlarimizda bajarilishi lozim bo`lgan vazifalarning ko`lami kattaligidan biroz cho`chigandik, bajara olmasakchi, degan xavotir ham bor edi. Lekin bajarishimiz shart va muqarrar ekanligini his etib ishga kirishdik. Reglament futbolimizni rivojlantirish uchun barcha zarur jihatlarni o`z ichiga olgan. Klublar sonini kamaytirish evaziga raqobatni kuchaytirish, yangi, shijoatli va kuchli futbolchilarni etishtirish, bolalar, ayollar futboliga e`tiborni orttirish, futzalni rivojlantirish, stadionlarni xalqaro talablarga keltirish, muxlislar madaniyatini o`stirish... xullas barcha-barchasi Reglamentda o`z aksini topgan. Topshiriqlarni qabul qilib olgach, viloyat futbol federatsiyasi rahbari, viloyat hokimi Ergash Saliev boshchiligida nafaqat “So`g`diyona”ning o`zi, balki yangi Pro-ligadagi vakillarimiz “Zomin” va “G`allakor” klublari bo`yicha ham ishni teng taqsimladik, viloyat futbol federatsiyasi va klublar bir bo`lib, bahamjihatlikda ishga kirishdik. Viloyatimiz hokimi deyarli har kuni futbol mavzusiga to`xtaladi, ishlarning qanday ketayotganligi bilan qiziqadi, kerakli topshiriqlarni beradi. Natijada, qisqa fursat ichida “So`g`diyona” klubida katta ishlar amalga oshirildi.
- Misollar bilan isbotlab bersangiz.
- Birinchi galda klub qoshida futbol Akademiyasi ochishga e`tibor berildi. Jizzax shahridagi “Istiqlol” istirohat bog`i hududidagi sport maktabi aynan Akademiyaga berildi va tezlikda ta`mirlash ishlari boshlanib ketdi. Yaqin vaqt ichida Akademiyani barcha talablarga javob bera oladigan holga keltirish va bolalar o`rtasida mashg`ulotlarni boshlash ko`zda tutilmoqda. Klubga qarashli, shaharning Jillig`ulli mahallasidagi bazasi ham ta`mirdan chiqdi, futbolchilarning yashashi va madaniy dam olishlari uchun zarur bo`lgan barcha sharoitlar yaratildi. Stadionning o`zida qo`shimcha ikkita kichik va bitta katta maydon barpo etildi, mashg`ulotlar boshlab yuborilgan. Mavjud suv xavzasi, trenajer xonalari ham qayta ta`mirlandi, yangi moslamalar bilan boyitildi.
- Klub qoshida ayollar va futzal jamoalari, turli yoshdagi bolalar va o`smirlar guruhlari ham tashkil topganligidan xabarimiz bor.
- Bu masalalarni hal etish u qadar muammo emasdi, sababi poydevor bor edi. Respublika musobaqalarida viloyatimiz sharafini himoya qiluvchi ayollar jamoasi ham, futzalchilarimiz ham bor edi. Biroq har ikkalasi ham e`tibordan chetda bo`lib kelgan. Har ikkalasini ham klub qoshida qayta shakllantirdik.
Ayollar jamoamizga vaqtinchalik Akademiyadan joy ajratiladi, keyinchalik o`zlariga mustaqil sharoit yaratib beramiz. Jamoaga O`zbekistonda erkaklar va ayollar o`rtasidagi rasmiy musobaqalarda hamon maydonga tushayotgan eng yoshi ulug` futbolchi Gulnora A`zamova taklif etilgan. Kelasi yili 50 yoshini qarshilashiga qaramay hamon maydonda shogirdlari bilan teppa-teng harakat qilayotgan Gulnoraga mahalliy futbolchimiz Nodira Turanova yordam beryapti. Olib borilgan selektsiyalar natijasida toshkentlik, boshqa viloyatlardan va albatta, mahalliy qizlardan iborat jamoa yangi mavsumga tayyorgarlikni allaqachon boshlab yuborgan.
Futzalga kelsak, o`z davrida jamoani chempionlik sari olib borishga intilgan Sirojiddin Ergashev, Oybek Abdurahmonov kabi futbol fidoyilarini jamoaga biriktirdik. Jamoamiz yangi yil oldidan Toshkentda o`tgan O`FF Kubogida ham qatnashib keldi. Ayni paytda jamoa tarkibini yanada kuchaytirish va buning uchun mahoratli futzalchilarni saralab olish maqsadida futzal bo`yicha viloyat birinchiligi tashkil etilgan. 16 dekabrdan 15 martga qadar o`tadigan turnirda viloyatning tuman va tashkilotlari, mahalla va futbol maktablari tarbiyalanuvchilari, jami 22ta jamoa g`oliblik uchun kurashyapti. Klubimiz futzal jamoasiga doimiy shug`ullanishi uchun bosh stadionning o`zida hamda Jizzax politexnika instituti sport zalidan foydalanish uchun sharoitlar yaratilgan.
12, 14 va 16 yoshlilar guruhlariga o`z sohasining ustalari Usmon Muxamedshin va Ulug`bek Almatov murabbiy sifatida biriktirilgan. Ularga ham stadionning o`zida barcha sharoitlar yaratilgan, Akademiya binosi tayyor bo`lgach, o`sha erga ko`chib o`tishadi.
- Reglamentda muxlislar klubi faoliyati ham ko`rsatilgan.
- Muxlislar bilan ishlashda avvaldan Baxtiyor Xotamov faollik ko`rsatib kelgan. Talabni bajarish doirasida shu muxlisni rasman sardor etib tayinladik. Unga stadion qoshida shinamgina xona ajratdik. Muxlislar foydalanib kelgan baraban, surnay kabi asboblarga qo`shimcha yangilarini xarid qilib, ularning ixtiyoriga topshirdik, bir xil kiyintirdik. Katta-kichik bayroqlar ham ko`paytirildi. Ayni paytda klubning 50 nafar a`zosi bor. Endigi maqsad ularning muxlislik madaniyatini oshirish, raqib klublar muxlislari bilan aloqalarni o`rnatish.
- Demak, Superliga vakili bo`lishga tayyorsizlar, shundaymi?
- Yuz foiz bo`lmasada shunga intilyapmiz. Eng muhimi, Superliga talablarini bajarish barobarida sharoitlarimizni yaxshilab olyapmiz. E`tibor bering, birgina futbol Akademiyamizning o`zida tahsil olish, futbolchi bo`lib etishish maqsadida viloyatning deyarli barcha tumanlaridan, chekka-chekka qishloqlaridan iste`dodli yoshlar kelishmoqda. Eng muhimi, bundan keyin mamlakat chempionatida o`rtamiyona o`yinlarga yo`l qo`yilmaydi. Kim kuchli bo`lsa, marhamat, o`ynasin. Agar Superliga oilasiga kira olsak, bu viloyatimiz xalqiga katta tuhfa bo`lardi. Buning uchun uning talablarini bajarish yo`lida hali yana ko`p ishlar qilishimiz lozim.