Axbor IMOMXO`JAEV: “O`FFDA AVVALLARI HAM ISLOHOTLAR BO`LGAN, AMMO BU GALGISI...”

O`FF hamda PFL tomonidan olib borilayotgan yangicha ishlash tizimiga,  amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabat bildirayotgan mutaxassislar, murabbiylar va futbolchilar qatorida futbolimiz faxriylari ham borligi quvonarli. O`zbek futboli jurnalistikasi otaxoni, taniqli sharxlovchi, Respublika toifasidagi hakam, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan yoshlar murabbiysi Axbor Imomxo`jaev ham o`z mulohazalari bilan o`rtoqlashdi:

- O`zbek futbolini yuz yoshda desak, shuning yarmi bilan birga umr kechirayotganimdan, yarim asrdan beri yurt futboli bilan birga nafas olayotganimdan mamnunman. Futbolimiz, ayniqsa, mustaqillik yillarida chinakam o`zligini topdi. Osiyo va Jahonning rasmiy musobaqalarida mustaqil ishtirok etar ekan, kim aslida kimligini, o`zbek futboli ham nimalarga qodir ekanligini isbotlab kelmoqda. To`g`ri, milliy termamiz hali Jahon chempionatining finaliga chiqa olgani yo`q, ammo “Mundial” bizga begona emas. O`smirlarimiz, yoshlarimiz bir necha bor Jahon chempionatining “mazasini totib” ko`rishdi, jahon ommasi shuurida iliq taassurot qoldira olishdi. Ravshan Ermatov esa nafaqat Osiyo yoki MDH davlatlari orasida, balki butun dunyo bo`yicha Jahon chempionati o`yinlarini boshqarish bo`yicha rekord o`rnatdi. Nasib qilsa, endi navbat milliy termamizga ham kelganga o`xshaydi. Bunday deyishimga sabab, yangilangan tarkibdagi O`zbekiston futbol federatsiyasida amalga oshirilayotgan islohotlardir.

O`FFda turli davrlarda turli o`zgarishlar, o`ziga xos islohotlar qilinganligiga, futbolimiz rivojiga ozmi-ko`pmi ta`sirini ko`rsatganligiga guvoh bo`lganman. Ammo bu galgisi barchasidan tubdan farq qildi. Oddiy misol, klublarning 16tadan 12tagacha qisqartirilganligi va musobaqa o`tkazish tartibiga ham jiddiy, keskin o`zgartirishlar kiritilganligi. Buni chinakam ravishda ishga professional yondoshish sifatida qabul qilmoq kerak. E`tibor bering, avvallari turnir jadvalida kimlar nechanchi o`rinni egallashi hatto chempionat boshidanoq ma`lum bo`lardi. Jadvalda yuqori o`rinlardagi jamoalar bilan quyidagilar o`rtasidagi o`yinda kim yutishi emas, hatto natija qanday ko`rinishda bo`lishi, to`plar nechanchi daqiqalarda kiritilishigacha oldindan “bashorat” qilinardi. Endichi, maydonda rosmana jang ketadi. Har bir jamoa har bir ochko uchun jon olib, jon beradi. Eng yomoni, chetdagilar emas, balki jamoa rahbarlarining o`zlari totalizar degan o`yinda mablag` topish uchun o`z futbolchilarini mag`lub bo`lishlarini ta`minlaganliklarini endi-endi eshityapmiz. Bu nima degani, undaylarni nafaqat futboldan haydash, balki jazolash ham kerak. O`FF manashu kabi odatga aylanib borayotgan chirkin harakatlarni ham fosh qilayotganligi, bu bilan boshqalarni ham “ko`zini ochayotganligi” quvonarli.   

 

Milliy terma jamoamiz nima uchun Jahon chempionatiga chiqa olmayotganligining sabablaridan yana biri futbolchilarimizning jismoniy jihatdan mukammal emasligida edi. Mana endi PFL tomonidan ishlab chiqilgan Reglamentga asosan ular o`z ustilarida ishlashga majbur bo`lishadi. Avvallari endigina porlagan futbolchi turli yoshdagi terma jamoalarga chaqirildimi, tamom, u yulduzga aylanardi. Oshna-og`aynisi ko`payardi, choyxonalar boshlanardi. Qarabsizki, mashg`ulot ikkinchi “planda” qolardi. Lekin asosiy tarkibda baribir maydonga tushaverardi, negaki u yulduz edi-da. Menimcha, endi bularning bariga barham beriladi. Futbolchi PFL tomonidan tadbiq etilayotgan, xalqaro talablar doirasida ishlab chiqilgan normativlarni topshirmaguncha tarkibga kiritilmasligi ayni muddao bo`ldi.

 

Yana bir gap. Kuni kecha O`FF saytida tashkilot rahbari Umid Ahmadjonovning bir guruh futbolchilarni umrbod futboldan chetlatgani haqida xabar e`lon qilindi. Tushunaman, futbolsiz qolgan futbolchilarga qiyin bo`ladi. Lekin ular misolida qanchadan-qancha qing`irliklarning, g`irromliklarning oldi olinadi. Yoshini kichraytirgan, xujjatlarni  soxtalashtirgan futbolchilar kammi bizda, kerak bo`lsa barcha klublarda, hatto terma jamoalarda ham topish mumkin. Bunda faqat futbolchining o`zi aybdormi, yo`q, uning birinchi yo ikkinchi murabbiylari, hatto ota-onalarida ham gap ko`p. Kelgusida shularga ham e`tibor berilsa yanada maqsadga muvofiq bo`lar edi.   

mib
uzcard
cola
apex
bmb