“Paxtakor” klubi matbuot xizmati xodimlari “Lokomotiv”dagi ijara faoliyati tugab, chempionlik unvoni bilan ortiga qaytgan yarim himoyachi Jaloliddin Masharipovning chempionat o`tkazilish formati va boshqa o`zgarishlar xususida fikrlari bilan qiziqdi:
- Yangilangan oliy liga, ya`ni Super liga haqida nima deysiz?
- 2019 yilning boshida Birlashgan Arab Amirliklarida Osiyo Kubogi bo`lib o`tadi. Ayni paytdagi orzuim terma jamoa safida mazkur musobaqada qatnashish. Nima uchun buni aytayapman, futbolchida, istaysizmi-yo`qmi, qarshisidagi raqib kuchsiz bo`lsa, unda o`yinga nisbatan xohish katta bo`lmaydi. Qachon raqibingiz bir xilda kuchli bo`lsa, o`yin oldi tayyorgarligingiz va o`sha haftada o`zingizga bo`lgan munosabatingiz boshqacharoq bo`ladi. Agar ikki davra yakunidan keyin kuchli oltilikdagi jamoalar alohida chempionat tarzda bosh sovrin uchun kurashadigan bo`lsalar, so`nggi ikki yarim oyda biz umuman boshqacha futbol ko`ramiz. Har bir o`yin sening chempionliging yo`lidagi final bahsidek o`tsa, futbolchi jismoniy tayyorgarligini ham me`yorida ushlab boradi. Menimcha, chempionatning so`nggi 10ta turi terma jamoaga kim munosib ekaniga oydinlik kiritib ham beradi.
- Yuqoridagi olti jamoaning mavqeini tushunsa bo`ladi, quyidagilar uchun o`yinlar shunchaki xo`jako`rsinga bo`lib qolmaydimi?
- Nega? Shu paytgacha ko`p jamoalar mavsum boshidan bepisandlik bilan munosabatda bo`lardilar. Avvallari “chempionatni kuchli o`nlikda, kuchli sakkizlikda yakunlayman”, degan maqsadlarni ko`p o`qirdik. Mana endi rosmana kuchli oltilik bo`ladi. U erga chiqa olmaganlar endi pastroqda chempionatda qolish uchun baxs olib boradilar. Endi kim kuchli murabbiy bo`lsa, o`shaning jamoasi yuqorida bo`ladi. Buni tan olish kerak, 2-3ta jamoani hisobga olmasangiz, deyarli barcha jamoaning kuchi teng.
- Super ligani yanada rivojlanishiga nima kerak bo`ladi, deb o`ylaysiz?
- Istardim-ki, har bir o`yin Chempionlar ligasi ruhida o`tsa. OChL o`yinlarida maydonga tushsangiz, unga bo`lgan munosabatning o`ziga o`ynab yuborgingiz keladi. Chempionatimiz ham shunday o`tsa zo`r bo`lardi. Televidenie har bir o`yinlarimizni jonli namoyish qilsa, hech bo`lmasa chempionlik bosqichini. Hisoblasangiz bor-yo`g`i uchta o`yin bo`ladi. O`FF translyatsiya borasida ham jiddiy bosh qotirayotganini eshitib xursand bo`ldim.
O`FF prezidenti futbolchilar va jamoalarning intizomiga e`tiborni oshirmoqda. Bu o`yin davomida o`zimizni tartibli tutishimizni ta`minlash uchun qaratilgan maqsad. Uchrashuvlarni o`tkazish uchun sharoitlarni yaxshilash bizga chiroyliroq o`yin ko`rsatishda yordam berishiga ishonaman.
Shuningdek, O`FF hamda PFL tomonidan ishlab chiqilgan normativlar futbolchilarning jismoniy holatlarini mavsumda mukammal sport formasida bo`lishini ta`minlaydi va bu biz uchun albatta, foydali. Normativlar futbolchilar uchun qiyinchilik tug`dirmaydi, shunchaki uni topshirish uchun, natijani yanada yaxshilash uchun harakat qilish kerak. Biz mavsum davomida ushbu testlardan doim o`tamiz, demak biz uchun bu topshiriqlar normal holat. O`ylaymanki, bu biz uchun faqat foyda beradi.