Toshkent viloyati, Bekobod shahrining “Metallurg” jamoasida yangi bosh murabbiy – Andrey Shipilov ish boshlaganidan xabardorsiz. O`zPFL sayti Andrey Sergeevichning O`FF hamda O`zPFLda amalga oshirayotgan islohotlar haqida fikrlarini bilishga qiziqdi.
- Yangi mavsumda milliy chempionatimiz yangicha formatda o`tishi haqidagi qarorni barcha mutaxassislar singari men ham ijobiy qabul qildim. Jamoalar sonining qisqarganligi, tizimga bir qator o`zgarishlar kiritilgani o`tkinchi uchrashuvlarga barham beradi. Har bitta o`yin finalga teng bo`ladi, deb o`ylayman. Endi ochkolarni kuzda emas, har bitta turdan keyin sanashga to`g`ri keladi. Shu ma`noda bundan futbol muxlislari yutadi, deb o`ylayman.
- O`zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan tasdiqlangan test-sinovlari o`yinchilarimiz uchun foydadan xoli bo`lmaydi, bu aniq. Test sinovlari murabbiylarning qo`l ostida shug`ullanayotgan o`yinchilari haqida, ularning jismoniy holati, tayyorgarligi haqida yanada kengroq ma`lumotlarga ega bo`lib turishlariga yordam beradi. O`z navbatida test-sinovlari futbolchilarning ham vazifalariga sidqidildan, yanada jiddiyroq yondoshishlariga undaydi. Ularda boshlang`ich tezlik o`sadi, chidamkorlik oshadi, optimal sport formalarini me`yorida ushlab turishadi.