O`zbekistonning professional futbol klublari o`rtasidagi 2018 yil uchun futbol bo`yicha musobaqalar reglamenti tasdiqlandi.
2018 yil uchun futbol bo`yicha musobaqalar reglamentidagi talablar oldingi yillardagidan ancha o`zgardi va takomillashtirildi. Bu borada qilingan o`zgarishlar xususida O`zbekiston chempioni – “Lokomotiv” professional futbol klubi a`zosi Islom To`xtaxo`jaev o`z fikrlarini bildirib o`tdi:
- Kelasi mavsum uchun tasdiqlangan reglament talab va shartlarini o`qib, rosti juda xursand bo`ldim. Zero ushbu reglament o`zbek futbolini yanada rivojlantirish yo`lida qo`yilgan ulkan qadam bo`ldi, deb hisoblayman. Unga futbolimizni to`la professional yo`lda davom etishi uchun zarur bo`lgan o`zgarish va yangiliklar kiritilgan.
Misol uchun, endilikda Superligada o`yinlar eng kamida 18:00da boshlanadi. Bu barcha uchun qulaydir. Futbolchilar ham yozda issiq haroratda emas, balki salqin tushgach o`ynash imkoniga ega bo`lishadi. Bu ularning maydonda to`la kuch bilan harakatlanishiga turtki bo`ladi. Qolaversa, oddiy muxlis ham bemalol ishdan so`ng stadionga kelishi mumkin bo`ladi. Ushbu qarorni to`la qo`llab-quvvatlayman.
Yana o`yinlar o`tkaziladigan stadionlar uchun qo`yilgan talablar kuchaygani ham muhim qarordir. Zero stadionda futbolchi uchun ham, muxlis uchun ham shart-sharoit yaxshi bo`lishi lozim. Shunda stadionlarga ishqibozlar tashrifi ham oshishiga aminman.
Yana hakamlar uchun ish haqining oshirilganini ijobiy holat, deb baholayman. Zero ular ham maydonda kam harakat qilishmaydi. Qolaversa, hakamning mas`uliyati juda katta. Agar unga mexnatiga yarasha haq to`lansa, hakamlar ham o`yinlarni halol va to`g`ri boshqarishadi.
Shuningdek, Superliga klublarining yoshlar tarkiblari o`rtasida bir nechta yosh toifasida mamlakat birinchiligi o`tkazilishi hamda klublarning o`z akademiyalariga ega bo`lishi lozimligi to`g`risidagi shart ham juda dadil qadamdir. Bu orqali turli yoshdagi terma jamoalarimiz uchun yaxshi saviyadagi futbolchilar etishib chiqishi ta`minlanadi.
Umuman olganda, 2018 yil uchun reglament o`zbek futboli rivojida ancha muhim o`rin tutadi, deb o`ylayman. Umid qilamanki, amalga oshirilayotgan bunday islohotlar futbolimizni yangi bosqichga olib chiqadi, - deydi mahoratli futbolchi.