2017 yilgi futbol mavsumi ancha qiziqarli va samarali tarzda yakuniga etmoqda. Futbol bo`yicha mamlakat chempionati va kubogi bahslari ham allaqachon nihoyasiga etgan.
Shu munosabat bilan dekabr oyining 25-26 sanalarida Oliy Liga-2017 sovrindorlari medallar bilan taqdirlanishdi.
26 dekabrda “Lokomotiv” professional futbol klubi vakillariga O`zbekiston chempionati oltin medallari topshirildi. O`tkazilgan tantanali marosimda futbolimiz jamoatchiligi vakillari, futbol faxriylari, OAV vakillari ishtirok etishdi. Unda O`FF Prezidenti Umid Ahmadjonov mamlakat chempioni va kubogi sohibi sanalgan “Lokomotiv” futbolchilari va murabbiylariga oltin medallarni topshirdi.
Ma`lumki, “Nasaf” futbol klubi bu yilgi chempionatda ikkinchi o`rinni egalladi va o`z tarixida ikkinchi marta kumush medalga sazovor bo`ldi. 26 dekabr kuni Qarshidagi “Markaziy” stadionda kumush medallarni tantanali topshirish marosimi bo`lib o`tdi. Qarshilik futbolchilarga kumush medallarni Sardor Rahmatullaev tantanali ravishda topshirdi.
25 dekabr kuni esa “Paxtakor” futbolchilarini 2017 yilgi mavsumdagi medallar bilan taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi. Unda ushbu jamoaga oliy ligada qo`lga kiritilgan 3-pog`ona uchun bronza medallarini O`FF Prezidenti Umid Ahmadjonov va PFL direktori Omon G`ofurov futbolchilar, murabbiylar shtabi va xodimlarga taqdim etishdi.