
Mamlakatimizda bolalar futbolini rivojlantirish, hududlarda bolalar va o`smirlar orasida futbolni yanada ommalashtirish borasida O`zbekiston Futbol Federatsiyasi tomonidan birinchi galda bolalar murabbiylarining malakasini oshirishga alohida ahamiyat qaratilyapti.
Futbol maktablarida Evropaning futboli rivojlangan mamlakatlari o`quv-metodikasi asosida ish olib borish, bolalar bilan mashg`ulotlarni yangi uslubda, Evropa andozalariga mos ravishda o`tkazish va shu yo`l orqali yuqori saviyali futbolchilarni tayyorlashga eng asosiy vazifalardan biri sifatida qaralmoqda.
Viloyatlar to`rtta hududga bo`lingan holda, har bir hudud uchun bir nafardan xorijlik mutaxassis jalb qilinishi haqida avval xabar berib o`tgandik.
Mana shu maqsadda, serbiyalik 56 yoshli mutaxassis Zavisha Miloslavlevich poytaxtimizga tashrif buyurdi. U O`zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov bilan uchrashib, mamlakatimizda bolalar futbolini rivojlantirish bo`yicha o`zining dasturini taqdim etdi.
O`FF rahbariyati tomonidan bu dastur o`rganib chiqilib, ma`qul deb topilsa, Zavisha Miloslavlevich bilan shartnoma imzolanadi.
U 3-hudud hisoblangan vodiyda Andijon, Farg`ona, Namangan viloyatlarida ish olib boradi. Zavisha Miloslavlevich hududlardagi bolalar futboli murabbiylari bilan uchrashish, u erdagi holatni o`rganish maqsadida, viloyatlarda bo`lishi ham rejalashtirilgan. Serbiyalik mutaxassis bugun Andijon shahriga jo`nab ketadi.
Boshqa hududlar uchun ham Evropadan bolalar futboli bo`yicha mutaxassislarni jalb qilish maqsadida hozirda muzokaralar davom etyapti.