
O`zbekiston Kubogi–2017 musobaqasi final o`yinida “Bunyodkor” va “Lokomotiv” jamoalari bahs olib bordi. Unda “temiryo`lchilar” 1:0 hisobida zafar quchib, qatorasiga ikkinchi yil mamlakat Kubogi sohibiga aylandi.
Uchrashuv yakuniga etganidan keyin “temiryo`lchilar” ustozi Andrey Miklyaev o`yin haqidagi firklarini bildirib o`tdi.
“Bugun havo sovuq bo`lganiga qaramay, bizni qo`llab-quvvatlagash uchun kelgan muxlislarga katta rahmat aytaman. To`liq stadion qarshisida o`ynash yoqimlidir. Shuningdek, yaxshi futbol ko`rsatgani uchun har ikki jamoa vakillariga minnatdorchiligimni bildiraman. Mazmunli futbol, ikki xil taym guvohiga aylandik. Final uchrashuvi tashkilotchilariga ham tashakkurimni bildiraman.
Ketma-ket ikkinchi marta mamlakat Kubogini qo`lga kiritganimizdan mamnunmiz va bu juda yoqimli. O`yin davomida ko`plab vaziyatlar bo`ldi. Ba`zi vaziyatlarda raqib hujum uyushtirganda omad biz tomonda bo`ldi. Omad kuchlilar tomonida bo`ladi. Mavsum davomida mehnat qilgan futbolchilarimga rahmat. Biz maqsadimiz sari harakat qilib, unga erishdik. Jamoa ahil va inoq bo`lib keldi, rahbariyat bilan ham yaxshi munosabatda bo`ldik. Buning barchasi jamoadagi ajoyib muhit sabablidir.
Mavsum davomida bizga yordam bergan rahbariyatga, muxlislarimizga va siz jurnalistlarga tashakkur aytaman. Mavsum oldidan oldimizga qo`yilgan vazifalarni bajardik. Ketma-ket ikkinchi bor bunday natijaga erishish birinchisidan ham qiyin. Kichik tanaffusdan keyin yangi mavsumni qanday boshlash haqida o`ylaymiz. Hozir esa muvaffaqiyatni nishonlaymiz”, – dedi Andrey Miklyaev.