O`zbekiston Kubogi–2017 musobaqasi final o`yinida “Bunyodkor” va “Lokomotiv” jamoalari bahs olib bordi. Unda “temiryo`lchilar” 1:0 hisobida zafar quchib, qatorasiga ikkinchi yil mamlakat Kubogi sohibiga aylandi.
Uchrashuv yakunlangach, “qaldirg`ochlar” bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o`yin haqidagi firklari bilan o`rtoqlashdi.
“Lokomotiv” jamoasini g`alaba bilan tabriklayman. Bu erda ko`p fikr birdirish shart emas. Birinchi bo`limda kiritilgan yagona gol o`yin taqdirini hal qildi. Shunga qaramay, biz oxirigacha kurashdik. O`yin avvalida yigitlarda bosim borligi sezilib turdi, ammo bellashuv davomida barcha o`zini qo`liga oldi. Qisqa qilib aytaman – barcha futbolchilarimdan faxrlanaman.
Bugun Shohruz Norxonovga asosiy tarkibda o`ynashiga imkon berganimiz sababi, uning Shahzod Nurmatovdan o`yini katta farq qilmaydi. Zaxira yordamida o`yinni kuchaytirishga harakat qildim, ammo qanotlardan uzatmalar ko`ngildagidek bo`lmadi. Kecha aytganimdek, futbolda kimdir xato qiladi, kimdir esa bundan foydalanadi. Gol bo`lgan vaziyatda maydon markazida xatoga yo`l qo`ydik. Futbolda kimdir yutadi, kimdir yutqazadi. Lekin bunday o`yinlarda tajriba to`planadi.
Futbolchilar ko`zida yosh ko`rindi, ular o`z faoliyatida yangi sahifa ochishlari mumkin edi. Biroq yana ta`kidlayman, bunday uchrashuvlar futbolchilarni yanada kuchliroq qiladi. Ishonchim komil, futbolchilarim faoliyatida yorqin kunlar ham bo`ladi”, – dedi Mirjalol Qosimov.