
Ertaga “Bunyodkor” stadionida O`zbekiston kubogi-2017 final uchrashuvi bo`lib o`tadi. Bugun mazkur uchrashuv oldidan har ikki jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Anjumanning ikkinchi qismida “Lokomotiv” bosh murabbiyi Andrey Miklyaev va jamoa sardori Timur Kapadze ishtirok etishdi.
- Ikkinchi yil ketma-ket mamlakat kubogi final o`yinida ishtirok etyapmiz. Bundan xursandmiz. Ertangi o`yinga ham katta umid bog`laganmiz. Biz o`yin vaqtida g`alabaga erishmoqchimiz. Shu sababli penaltilar bahsiga tayyorgarlik ko`rganimiz yo`q.
Maydon holati yaxshi ekaniga ishonaman. Ertaga jamoalardan faqat maydonga chiqish va chiroyli o`yin ko`rsatish talab etiladi, - deydi Andrey Miklyaev.
- Final o`yini har ikki jamoa uchun ham juda muhim ahamiyatga ega. Ertaga kim kuchli va tartibli o`yin ko`rsatsa, o`sha klub g`alabaga erishadi. Ertaga men faoliyatimdagi so`nggi o`yinimni o`tkazaman. Umid qilamanki, sovringa ega chiqqan holda butsilarimni mixga ilaman, - deydi Timur Kapadze.