
Ertaga “Bunyodkor” stadionida O`zbekiston kubogi-2017 final uchrashuvi bo`lib o`tadi. Bugun mazkur uchrashuv oldidan har ikki jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Anjumanning dastlabki qismida “Bunyodkor” bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov va jamoa himoyachisi Rustam Ashurmatov ishtirok etishdi.
- “Bunyodkor” jamoasi final o`yiniga juda jiddiy e`tibor qaratgan. Sababi ushbu sovringa so`nggi bor ega chiqqanimizga ham bir necha yil bo`lib qoldi. Qolaversa, ortda qolgan mavsumda chempionatda medallarsiz qoldik. Shuningdek, Osiyo Chempionlar Ligasida ishtirok etish uchun ham Kubok finalida g`alaba qozonmasak bo`lmaydi.
Tarkibimizda yoshlar ko`pchilikni tashkil etadi. Ularning aksariyati hali sovrinlarga ega chiqmagan. Bu esa ulardagi ishtiyoqni oshiradi. Qolaversa, har qanday futbolchi ham faoliyati davomida turli sovrinlarga ega bo`lishni istaydi.
Biz yaqinda “Lokomotiv”ga qarshi chempionat doirasida ham o`yin o`tkazdik. Bu jamoa – juda kuchli. Tarkibida mahoratli futbolchilar talaygina. Shu boisdan biz ertaga tezkor va aqlli o`yin ko`rsatishimiz talab etiladi. Agar bexato o`ynasak, maqsadga etamiz, - deydi Mirjalol Qosimov.
- Men faoliyatimda ikkinchi marta kubok finalida o`ynayman. Birinchi safar mag`lub bo`lgandik. Bu safar faqat g`alaba haqida o`ylayapmiz. Umid qilamanki, muxlislarimizni sovrin bilan xursand etamiz, - dedi Rustam Ashurmatov.