
4 dekabr kuni poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida O`zbekiston kubogi-2017 final o`yini bo`lib o`tadi. Unda mamlakatimizning ikki grand klublari – “Bunyodkor” hamda “Lokomotiv” o`zaro bahs olib borishadi.
Mazkur uchrashuvga bo`lgan e`tibor ancha yuqori. Zero ushbu ikki etakchi klublar o`rtasidagi to`qnashuvlar hamisha murosasiz ruhda o`tib kelgan. Qolaversa, g`olibga bosh sovrinni Osiyo Futbol Konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa topshiradi.
Shu o`rinda qayd etish joizki, “Bunyodkor” va “Lokomotiv” shu paytga qadar kubok bahslari doirasida o`zaro 6ta o`yin o`tkazishgan. Dastlab 2006 yilda 2-saralash raundida ushbu klublarning yo`llari kesishgan. O`shanda “Lokomotiv” “Quruvchi”dan 3:1 hisobida ustun kelgan.
2013 yilda esa “Lokomotiv” va “Bunyodkor” yarim finalda to`qnash kelishgan. Dastlabki o`yinda 2:2 hisobi qayd etilgan. Javob bellashuvi esa 2:0 hisobida “qaldirg`ochlar” foydasiga hal bo`lgan.
2014 yilda esa klublar finalda o`zaro o`yin o`tkazishgan. Juda qiziqarli ko`rinish olgan bellashuvda “Lokomotiv” 1:0 hisobida zafar quchib, o`z tarixida ilk bora mamlakat kubogiga ega chiqqan.
O`tgan yili esa mazkur klublar yarim finalda to`qnash kelishdi. Ikkala uchrashuvda ham bir xil – 1:0 hisobida raqibdan ustun kelgan “Lokomotiv” final yo`llanmasiga ega chiqqan edi.
Yana bir e`tiborga molik jihat shundan iboratki, finalchilarning har ikkisi ham ilgari O`zbekiston kubogida zafar quchishga muvaffaq bo`lgan. “Bunyodkor” 4 marta (2008,2010,2012,2013) finalda g`olib chiqqan. “Lokomotiv” esa 2 bora (2014, 2016) O`zbekiston kubogi sohibiga aylangan.
“Lokomotiv” va “Bunyodkor” jamoalari o`rtasidagi finalni Birlashgan Arab Amirliklari vakillari bo`lgan hakamlar guruhi boshqaradi. Mazkur o`yinda Muhammad Abdulla Hasan bosh hakam vazifasini bajaradi. Unga qanotlarda Muhammad Hasan Abdulla al-Mahri hamda Muhammad Ahmad Yusuf Abdulla al-Hammadi yordam beradi. To`rtinchi referi vazifasi Ammar Ali Abdulla al-Junaybiyga yuklatildi.
O`zbekiston kubogi-2017, final
4 dekabr, dushanba. Soat 15:00
“BUNYoDKOR” – “LOKOMOTIV”
Bosh hakam: Muhammad Abdulla Hasan (BAA)
Yordamchi hakamlar: Muhammad Hasan Abdulla al-Mahri, Muhammad Ahmad Yusuf Abdulla al-Hammadi (BAA)
Zaxira hakami: Ammar Ali Abdulla al-Junaybiy (BAA)