3-4 noyabr kunlari Oliy Ligada 27-tur o`yinlari bo`lib o`tadi. Tur doirasidan bir qator qiziqarli tarzda o`tishi kutilayotgan uchrashuvlar o`rin olgan bo`lib, quyida mazkur turda bahs yuritadigan klublarning o`zaro o`yinlar tarixi haqida ma`lumot berib o`tamiz.
3 noyabr (juma)
«Neftchi» (Farg`ona) – «Lokomotiv» (Toshkent)
27-turning qiziqarli o`tishi taxmin qilinayotgan uchrashuvlaridan biri Farg`onada bo`lib o`tadi. Unda joriy yilgi mavsumni u qadar muvaffaqiyatli o`tkaza olmayotgan «Neftchi» musobaqa jadvali peshqadami «Lokomotiv»ni qabul qiladi. Mazkur jamoalar shu paytgacha milliy chempionlarimiz doirasida 25 marta o`zaro to`qnash kelishgan. O`yinlarning 14tasida «Lokomotiv», 7tasida «Neftchi» vakillari g`alaba qozonishgan. 4ta o`yinda esa g`olib aniqlanmagan – durang. To`plar nisbatidagi ustunlik ham O`zbekistonning amaldagi chempioni tomonida – 44-32.
Birinchi davradagi uchrashuv: 0:4 («Lokomotiv» g`alaba qozongan)
«So`g`diyona» (Jizzax) – «Paxtakor» (Toshkent)
Tur doirasidan o`rin olgan yana bir o`yinda «So`g`diyona» o`z uyida «Paxtakor»ni qabul qiladi. Ushbu ikki klub Oliy Ligada 43 marta o`zaro bahs yuritishgan. Mezbonlar ushbu uchrashuvlarning 4tasida, mehmonlar esa 35tasida zafar quchishgan. Yana 4ta bellashuv durang bilan yakuniga etgan. «Paxtakor» futbolchilari raqib darvozasini 114 bor ishg`ol etishgan. Jizzaxliklar esa mazkur raqib darvozasiga 37 marta yo`l topa olishgan.
Birinchi davradagi uchrashuv: 2:3 («Paxtakor» g`alaba qozongan)
«Bunyodkor» (Toshkent) – «Navbahor» (Namangan)
Musobaqa jadvalining 4-pog`onasini band etib turgan «Bunyodkor» navbatdagi turda 7-o`rinda borayotgan «Navbahor»ga qarshi bahs yuritadi. Mazkur klublar hozirga qadar Oliy Ligada 21 bor o`zaro o`yin o`tkazishgan. Ularning 15tasida «qaldirg`ochlar», 2tasida «lochinlar» g`alabaga erishishgan. 4ta uchrashuvda esa tomonlar murosa qilishgan – durang. To`plar nisbati – 44-11 toshkentliklar foydasiga.
Birinchi davradagi uchrashuv: 1:1 (durang)
4 noyabr (shanba)
«Olmaliq» (Olmaliq) – «Sho`rtan» (G`uzor)
«Olmaliq» jamoasi esa bu turda «Sho`rtan»ni qabul qiladi. Olmaliqliklar g`uzorliklarga qarshi hozirgacha 17 marta maydonga chiqishgan. «Olmaliq»da 7ta g`alaba, «Sho`rtan»da esa 5ta g`alaba mavjud. Yana 5ta uchrashuv durang bilan nihoyasiga etgan. «Olmaliq» vakillari ushbu raqib darvozasini 29 bor ishg`ol etishga muvaffaq bo`lishgan. G`uzorlik futbolchilar esa 23 marta «Olmaliq» darvozasiga yo`l topishgan.
Birinchi davradagi uchrashuv: 1:0 («Olmaliq» g`alaba qozongan)
«Nasaf» (Qarshi) – «Metallurg» (Bekobod)
Oliy Liga musobaqa jadvali 2-pog`onasida borayotgan Qarshining «Nasaf» klubi navbatdagi uchrashuvini Bekobodning «Metallurg» jamoasiga qarshi o`tkazadi. Ushbu uchrashuv ikkala jamoaning o`zaro 40-qarama-qarshiligi bo`ladi. Shu paytga qadar o`tkazilgan 39ta o`yinning 25tasida «Nasaf» vakillari g`alabaga erishishgan. 10ta uchrashuv esa bekobodlik futbolchilar foydasiga hal bo`lgan. 4ta o`yin durang bilan nihoyasiga etgan. Qarshilik futbolchilar 67 marta «Metallurg» darvozasiga yo`l topa olishgan. «Metallurg» esa «Nasaf» darvozasiga 31ta gol kiritishga muvaffaq bo`lishgan.
Birinchi davradagi uchrashuv: 0:1 («Metallurg» g`alaba qozongan)
«Qizilqum» (Navoiy) – «Dinamo» (Samarqand)
Turning yana bir shiddatli tarzda o`tishi kutilayotgan o`yini Navoiyda kechadi. Unda musobaqa jadvalida yonma-yon ketayotgan «Qizilqum» va «Dinamo» o`zaro bahs olib borishadi. Mazkur ikki klub O`zbekiston chempionatlari tarixida hozirgacha 33 bor to`qnash kelishgan. «Qizilqum» hisobida 14ta g`alaba, «Dinamo»da esa 10ta g`alaba mavjud. O`zaro o`yinlarning 9tasi durang bilan nihoyasiga etgan. To`plar nisbati esa 43-42 samarqandliklar foydasiga.
Birinchi davradagi uchrashuv: 1:0 («Qizilqum» g`alaba qozongan)
«Buxoro» (Buxoro) – «Qo`qon-1912» (Qo`qon)
27-turning yana bir diqqatga sazovor o`yini Buxoroda kechadi. Unda «Buxoro» «Qo`qon-1912»ga qarshi bahs olib boradi. Mazkur klublarning musobaqa jadvalida 5- hamda 6-o`rinlarni egallab turganini inobatga olsak, uchrashuv qiziqarli o`tishiga shubxa yo`q. «Buxoro» va «Qo`qon-1912» hozirga qadar Oliy Ligada 23 marta o`zaro to`qnash kelishgan. Hozircha «Buxoro»da 12ta, «Qo`qon-1912» hisobida esa 9ta g`alaba mavjud. Faqatgina 2ta uchrashuvda durang natija qayd etilgan. Buxorolik futbolchilar ushbu raqib darvozasiga 45ta gol kiritishga muvaffaq bo`lishgan. Qo`qonliklar esa 33 bor «Buxoro» darvozasini ishg`ol etishgan.
Birinchi davradagi uchrashuv: 1:2 («Qo`qon-1912» g`alaba qozongan)