O`zbekiston Futbol Federatsiyasining Ijroiya Qo`mitasi Byurosining qaroriga ko`ra futbol bo`yicha 2018 yilgi Oliy liga musobaqalarida 12 ta jamoa ishtirok etadi. Chempionat o`yinlari esa 3 davra tizimida o`tkaziladigan bo`ldi.
Yangi formatga ko`ra, 12 ta jamoa 3 davrada aylanma tizimda o`ynaydi. Bunda har bir jamoa mavsum davomida 33 ta o`yin o`tkazadi. Dastlabki ikki davraga mavsum boshida qur`a tashlanadi va jamoalar “uyda-safarda” tizimida bahs olib boradi. Musobaqaning uchinchi davrasiga esa reglament asosida qur`a tashlash yo`li bilan mezbon-mehmon aniqlanadi. Natijada klublar o`rtasida chempionlik va ligada qolish uchun raqobat kuchayib, musobaqa saviyasi oshadi.
2018 yilgi 12 ta jamoadan iborat 3 davrali tizim ishtirokchilarini aniqlashda 2017 yilgi futbol mavsumi hamda 2018 yilgi mavsumga futbol klublarini litsenziyalash yakunlari asos bo`lib xizmat qiladigan bo`ldi. Natijada, 2018 yilgi musobaqada 2017 yilda 1–11 o`rinlarni egallagan 11 jamoaga Birinchi liga musobaqalarida g`olibi bo`lgan futbol klubi qo`shiladigan bo`ldi.
Ushbu qarorni qabul qilish asnosida O`FF va PFL rahbariyati murabbiylar, klublar rahbarlari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillarining har bir taklifini chuqur o`rganib chiqdi.
“Men bugungi qabul qilingan qarordan qoniqish hosil qildim”, – dedi O`FF Prezidenti Umid Ahmadjonov. “Chunki, u bir tomonlama qabul qilinmadi. Biz hamma kiritilgan taklif va mulohazalarni o`rganib chiqdik. Keyin esa yangi formatning bizning sharoitga qanday to`g`ri kelishini o`rgandik. Yakunda esa 12 ta klub qatnashadigan musobaqa variantida to`xtadik. Men ushbu qarorning qabul qilinishida ishtirok etgan har bir ekspert va ommaviy axborot vositalari vakillariga o`z minnatdorchiligimni bildiraman”.
Umid Ahmadjonov chaqirgan O`FF Ijroqo`mining Byurosi, shuningdek, Birinchi ligada o`ynaydigan jamoalar sonini 16 taga kamaytirish to`g`risida ham qaror qabul qildi. Birinchi liga asosan yoshlar o`ynaydigan musobaqa bo`lib, Oliy liga klublari hamda terma jamoalar uchun nomzod tayyorlaydigan o`ziga xos fabrika bo`lib xizmat qilishi kerakligi alohida urg`ulandi. Bundan tashqari, futbolni butun Respublika bo`ylab bir tekisda rivojlanishiga erishish maqsadida Birinchi ligada har bir viloyatdan bitta jamoaning ishtirok etishi asosiy talablardan biri etib qo`yiladi. Shu orqali O`FF va PFL musobaqalarida ishtirok etadigan futbolchilarning yosharib borishiga erishiladi va yakunda murabbiylarni aynan yoshlarga ko`proq imkoniyat berishga undaydi.
“Futbol bo`yicha O`zbekiston chempionati va uni o`tkazish tizimi islohga muhtoj ekanligi, milliy chempionatida raqobatbardosh jamoalar sonini ko`paytirish orqali sog`lom raqobatni kuchaytirish va bir so`z bilan aytganda oliy liga o`yinlarini tomoshabop musobaqa darajasiga olib chiqish uchun islohotlarni amalga oshirish juda muhim edi” – deydi Umid Ahmadjonov O`FF matbuot xizmatiga.
“Bu borada biz eng avvalo ichki imkoniyatlar va sharoitlarni o`rganib chiqib, keyin xalqaro tajribaga tayandik. Ekspertlar bilan maslahatlashgan holda 12 ta jamoadan iborat liga tanlovida to`xtadik. Xuddi shu maqsad bilan birinchi liga jamoalari sonini ham 16 taga qisqartirdik. Umid qilamanki, bu islohotlar o`zining ijobiy samarasini beradi”, – deydi O`FF Prezidenti.
Ushbu haftada Oliy va Birinchi liga futbol klublariga 2018 yilgi musobaqalarda ishtirok etish uchun OFK va O`FF xujjatlari asosida belgilangan talablar aks ettirilgan yangi me`yoriy hujjat yuboriladi. Hujjatdagi talablarga javob bermagan yoki buni bajarishda muddatidan kechikkan futbol klublari musobaqalarga qo`yilmasligi ma`lumot sifatida taqdim etildi.
O`zbekiston Professional Futbol Ligasi direktori Omon G`ofurov O`zbekiston Futbol Federatsiyasi Ijroiya Qo`mitasi Byurosining Chempionat va Birinchi liga formatini o`zgartirish haqidagi qarori bo`yicha Oliy va Birinchi liga futbol klublari, shuningdek, hududiy federatsiyalarga xabar berib, zarur chora-tadbirlarni ko`rish kerakligi haqida ogohlantirdi.