Andrey Miklyaev: "Ijobiy natija qayd etishga harakat qilamiz"

“Lokomotiv” – “Istiqlol” (Tehron) uchrashuvi oldidan o`tkazilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida “temiryo`lchilar” ustozi Andrey Miklyaev va yarim himoyachi Ikrom Aliboev o`z fikrlarini bildirdi. “Ertangi o`yin qanchalik muhim ekanini yaxshi tushunib turibmiz. Guruhdan chiqish uchun ertaga faqatgina g`alaba qozonish kerak. Buni murabbiylar ham, futbolchilar ham biladi. Bellashuv biz uchun omadli kechishiga umid qilamiz. Safarda “Istiqlol”ga mag`lub bo`ldik, ammo ayta olamanki, bu jamoani mag`lubiyatga uchratish mumkin. 

Futbolda omad ham kerak bo`ladi. “Sho`rtan” bilan o`yinni oladigan bo`lsak, o`sha kuni omad bizdan yuz o`girgandi. Umuman olganda, himoya chizig`idan shikoyatim yo`q, chunki ko`p gol o`tkazmayapmiz. Ba`zida tajribalar qilib, futbolchilarni almashtirib turamiz. Masalan, qaysidir o`yinda Bobur Yo`ldoshev maydonga tushsa, ba`zida Muhammad Kone o`ynaydi. 

Afsuski, bo`lajak o`yin oldidan yo`qotishlar bor. Shuhrat Muhammadiev jarohatidan forig` bo`lishga ulgurmadi. Shuningdek, Samalat Qutiboevda ham jarohat bor.Muhammadiev va Qutiboev ertaga maydonga tushmaydi. Shuningdek, Temur Kapadzeda engil jarohat bor. Uning ertangi o`yinda maydonga tushishi bugun ma`lum bo`ladi”, – dedi Andrey Miklyaev. “Ertaga bizni qiyin o`yin kutib turibdi. Sababi, guruhdagi barcha jamoalar bir-biriga yaqin joylashgan. Umid qilamanki, ertangi o`yin ijobiy natija bilan bizning foydamizga hal bo`ladi”, – dedi Ikrom Aliboev. 

Eslatib o`tamiz, “Lokomotiv” – “Istiqlol” uchrashuvi ertaga, 11 aprel kuni TTZ mavzesidagi “Lokomotiv” stadionida bo`lib o`tadi. Uchrashuv soat 16:00 da start olishi rejalashtirilgan.

mib
uzcard
cola
apex
bmb