“Al Taavon” – “Lokomotiv” hamda “Al Ahli” – “Bunyodkor” o`yinlariga prevyu

Osiyo Chempionlar Ligasi musobaqasining guruh bosqichiga 20 fevral kuni start beriladi. Unda O`zbekistonning ikki klubi – “Lokomotiv” va “Bunyodkor”  ishtirok etadi.

O`zbekiston chempionligini qo`lga kiritgan Toshkentning “Lokomotiv” klubi OChL–2017 turnirini to`g`ridan-to`g`ri guruh bosqichidan boshlaydi. Jamoa “A” guruhidan joy oldi va pley-off bosqichiga chiqish uchun “Al-Taavon” (Saudiya Arabistoni), “Al-Ahli” (BAA) va “Istiqlol” (Eron, Tehron) klublari bilan kuch sinashadi.

“Temiryo`lchilar”ning ilk raqibi Saudiya Arabistoni vakili – “Al-Taavon” bo`ladi. Saudiyaliklar OChL musobaqasida birinchi marta ishtirok etmoqda. O`tgan mavsumda mamlakat chempionatida 4-o`rinni egallagan “Al-Taavon” o`z tarixida eng yaxshi natijani qayd etgandi.

Asosiy futbolchilar: Jehad Al Husayn, Talab Al Absi, Munir El Hamdui

Bosh murabbiy: Konstantin Galsa (Ruminiya)

“Lokomotiv” yangi mavsum oldidan Server Jeparov, Temurxo`ja Abduxoliqov, Sanjar Shoahmedov kabi futbolchilar bilan xayrlashgan bo`lsa-da, toshkentliklar o`z safini tajribali Shuhrat Muhammadiev, yosh iqtidor egalari Jaloliddin Masharipov va Diyor Turopov singari o`yinchilar bilan to`ldirdi. “Temiryo`lchilar” o`tgan mavsumda OChL–2016 da ajoyib o`yin namoyish qildi va chorak finalgacha etib bordi. “Lokomotiv” chorak finalda musobaqa finalchisiga aylangan BAAning “Al-Ayn” klubiga mag`lub bo`lgandi.

Asosiy futbolchilar: Timur Kapadze, Islom To`xtaxo`jaev, Sardor Mirzaev

Bosh murabbiy: Andrey Miklyaev

“Al-Taavon” (Saudiya Arabistoni) – “Lokomotiv”(O`zbekiston)
20 fevral, Burayda. 20:40 (Toshkent vaqti)
Bosh hakam
: Ahmad Abu Bakar Said Al-Kaf (Ummon);
Qanot hakamlari
: Hamid Sulaymoy Marhun va Abu Bakar Salim Mahad (har ikkisi Ummon);
Zaxira hakami
: Iso Abdulla Hasan Muhammad Ali (Bahrayn);
Hakamlar nazoratchisi
: Halid Jasim Halifa Alduki Alsenaani (BAA);
Uchrashuvi komissar
: Talal Ali (Iordaniya).

Toshkentning yana bir klubi – “Bunyodkor” OChL–2017 turnirini saralash (pley-off) bosqichidan boshladi. Sergey Lushchan shogirdlari Qatarning “Al-Jaish” klubini penaltilar seriyasida taslim qilgan holda guruh bosqichiga yo`l oldi. “Qaldirg`ochlar” qur`a natijasiga ko`ra “S” guruhiga tushgan “Al-Ahli” (Saudiya Arabistoni), “Zob Ahan” (Iroq) va “Al-Ayn” (BAA) klublari bilan pley-offga chiqish uchun kurashadi.

“Bunyodkor”ning guruhdagi ilk raqibi Saudiya Arabistonining “Al-Ahli” klubi bo`ladi. Saudiyaliklar OChL turnirida katta tajribaga ega. 2012-yilda “Al-Ahli” Osiyo mintaqasining eng nufuzli turniri finalchisi bo`lgan. O`shanda jamoa Janubiy Koreyaning “Ulsan Xyundai” klubiga imkoniyatni boy bergandi.

Asosiy futbolchilar: Jiannis Fetfatzidis, Muhammad Abdul Shafi, Saad Abdul Amir

Bosh murabbiy: Kristian Gross (Shveytsariya)

“Bunyodkor” O`zbekiston klublari orasida OChL musobaqasida eng yaxshi natija qayd etgan klub sanaladi. “Qaldirg`ochlar” ikki marta – 2008 va 2012 yillarda yarim finalgacha borgan. Poytaxtliklar yangi mavsum oldidan tarkibni kuchaytirishga muvaffaq bo`ldi. Klub safiga serbiyalik Dushan Michich va Aleksandar Ignyatovich, chernogoriyalik Vadim Chemirtan, shuningdek, Alisher Sanaev kabi futbolchilar kelib qo`shildi. “Bunyodkor” xalqaro maydonda yuqori natijalarni qayd etishni o`z oldiga maqsad qilib olgan.

Asosiy futbolchilar: Eldor Shomurodov, Vadim Chemirtan, Otabek Shukurov

Bosh murabbiy: Sergey Lushchan

 

“Al-Ahli” (Saudiya Arabistoni) – “Bunyodkor” (O`zbekiston)
21 fevral, Jidda, “Sport Siti” stadioni. 22:15 (Toshkent vaqti)
Bosh hakam
: Ryuji Sato (Yaponiya);
Qanot hakamlari
: Toru Sagara va Xiroshi Yamauchi (har ikkisi Yaponiya);
Zaxira hakami
: Araki Yusuke (Yaponiya);
Hakamlar nazoratchisi
: Adnan Ismoil Alhafi (Iordaniya);
Uchrashuv komissari
: Song Xuang (Xitoy).

mib
uzcard
cola
apex
bmb