Yangi mavsumga tayyorgarlik ko`rayotgan Toshkentning "Lokomotiv" klubi ikki nafar legioner futbolchi bilan shartnoma imzoladi.
Har ikki futbolchi ham Kotd’Ivuar fuqarolari bo`lib, "Lokomotiv"ning mavsumoldi yig`iniga kelib qo`shilgan edilar. Klub rasmiy sayti xabariga ko`ra, Mohamed Kone bilan hujumchi Gnoxore Krizo bundan buyon «temiryo`lchi»ga aylanishdi. Ikkala futbolchi ham tibbiy ko`rikdan muvaqqiyatli o`tdi, shuningdek ularning o`yini murabbiylar shtabiga ham ma`qul keldi.
Ma`lumki, bu futbolchilar dekabr oyining oxirlarida jamoamiz yig`iniga kelib qo`shilgandi. «Olmaliq»qa qarshi kechgan o`rtoqlik o`yinida ikkala legioner ham maydonga tushib, Mohamed Kone himoya markazida ishonchli o`yin ko`rsatgan bo`lsa, hujumchi Krizo ikkita gol urishga muvaffaq bo`ldi.
Yangi yildan keyingi mashg`ulotlarda ham futbolchilar o`zlaridan iliq taassurot qoldirishdi. Ular ham xarakter, ham o`yin tomonlama ham jamoamizga to`liq mos kelishdi va natijada klub rahbariyati shartnoma imzolashni lozim topdi.
Ma`lumot uchun, markaziy himoyachi Mohamed Kone 1993 yilning 12 dekabrida tug`ilgan. Fuqaroligi: Kot-d’ Ivuar. Kone himoyada o`z vaqtida joy tanlay oladi, shuningdek bosh va gavda bilan o`ynashi ham joyida. U 2015-2016 yilgi mavsumni Moldovaning «Olimpiya» klubi safida o`tkazib, 25ta uchrashuvda maydonga tushgan. 2016 yilgi mavsumning qolgan qismida Kiprning «Karmiotissa» klubi sharafini himoya qilib, 14ta uchrashuvda ishtirok etgan. Mohamed Kone Kot-d’ Ivuar terma jamoasiga nomzod futbolchilardan biri hisoblanadi.
19 yoshli hujumchi Gnoxore Krizo esa 1997 yilning 20 iyunida tug`ilgan. Fuqaroligi: Kot-d’ Ivuar. Krizo hujumda sekin ko`ringani bilan golli vaziyatlarni tez o`qiy oladi. Eng muhimi u hali ancha yosh. Shuni aytish kerak, Krizo o`z vaqtida Milanning «Inter» klubi akademiyasida ham saboq olgan. Jamoaning bir qator yig`inlari va uchrashuvlarida ishtirok etgan. Ma`lumot uchun, afrikalik yosh hujumchi 2016 yilning birinchi davrasini Belarusning «Slutsk» klubida o`tkazgan. Ikkinchi davrada esa Moldovaning «Saksan» jamoasi tarkibiga borib qo`shilgan. Gnoxore Krizo Kot-d’ Ivuar yoshlar terma jamoasiga nomzod futbolchilardan biri va bir necha bor termaga taklif etilgan.