Yangi mavsumga tayyorgarlik ko`rayotgan Toshkentning "Lokomotiv" klubi o`z safiga ikki nafar yangi futbolchini qo`shib oldi.
O`zbekiston milliy terma jamoasi, shuningdek Qarshining "Nasaf" klubi a`zosi Shuhrat Muhammadiev hamda "Olmaliq" yarim himoyachisi Diyor Turopov rasman "Lokomotiv" klubi bilan shartnoma imzolashdi.
"Lokomotiv" klubi rasmiy sayti Muhammadiev 14 hamda, Turopov 77-raqamlarda to`p surishini tasdiqladi.
Eslatib o`tamiz, Shuhrat Muhammadiev o`tgan mavsumda Qarshining "Nasaf" klubi safida bronza medallarga sazovor bo`lgan. Iste`dodli yarim himoyachi O`zbekiston milliy terma jamoasi safida bir nechta o`yinlarda ishtirok etgan va ayni damda ham terma jamoaga nomzod futbolchi sanaladi.
Diyor Turopov so`nggi bir necha mavsumni "Olmaliq" safida o`tkazdi. Qolaversa, yarim himoyachi O`zbekiston yoshlar va olimpiya terma jamoalarida muntazam maydonga tushib kelgan.