
O`zbekiston Professional futbol ligasi 2016 yilgi O`zbekiston Kubogi finali bo`lib o`tadigan joy va sanani belgiladi.
Final 30 noyabr kuni Samarqanddagi «Dinamo» stadionida bo`lib o`tadi. Uchrashuv 13:00 da boshlanadi.
Eslatib o`tamiz, 2015 yilda Kubok sohibiga aylangan «Nasaf» joriy musobaqaning birinchi finalchisi bo`ldi.
Ikkinchi finalchi nomi «Bunyodkor» va «Lokomotiv» o`rtasida 26 noyabr kuni bo`lib o`tadigan yarim final javob uchrashuvidan so`ng ma`lum bo`ladi. Mazkur juftlikning dastlabki uchrashuvida «Lokomotiv» 1:0 hisobida g`alaba qozongan.
Qayd etish joiz, mustaqil O`zbekiston tarixidagi birinchi Kubok bahslari final uchrashuvi 1992 yili Samarqand shahrida bo`lib o`tgan. Oradan 24 yil o`tib bu shahar yana O`zbekiston Kubogi finaliga mezbonlik qiladi.