
Osiyo Chempionlar Ligasi – 2016 yangi mavsumiga start berildi.
Kecha bo`lib o`tgan 1-tur o`yinlarida ishtirok etgan O`zbekistonning ikki klubi – "Lokomotiv" hamda "Bunyodkor" o`z o`yinlarida durang natija qayd etdilar.
Toshkentning "Lokomotiv" klubi o`z maydonida Saudiya Arabistonining "Al Attihod" klubini qabul qildi. Uchrashuvning birinchi bo`limida "Al Ittihod" Rivasning goli evaziga hisobda oldinga chiqib oldi va birinchi bo`lim shunday hisobda yakunlandi. Ikkinchi bo`limda "Lokomotiv" uchrashuvda ustunlik qildi va o`yinning 89-daqiqasida Sardor Mirzaev tomonidan kiritilgan gol evaziga uchrashuvda durang qayd etdi.
Toshkentning boshqa bir klubi – "Bunyodkor" esa safarda "An Nasr"ga qarshi maydonga tushdi. Ushbu uchrashuv ancha qiziqarli va gollarga boy tarzda kechdi. O`yinning ilk daqiqalarida Doston Hamdamov "Bunyodkor"ni hisobda oldinga olib chiqdi. O`yinning 35-daqiqasida Zuagi oradagi farqni ikkitaga oshirdi. Ammo, birinchi bo`limning so`nggi daqiqasida "An Nasr" hisobni qisqartira oldi – 1:2.
Ikkinchi bo`limda "Bunyodkor" futbolchilari Doston Hamdamovning goli evaziga 3:1 hisobida oldinga chiqib olgan bo`lsalar ham, o`yinning so`nggi daqiqalarida o`z darvozalaridan ikkita to`p o`tkazib yuborishdi va uchrashuv 3:3 hisobidagi jangovar durang bilan yakunlandi.
OChL-2016, 1-tur. "A" guruhi
"Lokomotiv" - "Al-Ittihod" - 1:1
Gollar: Mirzaev (89) - Rivas (34)
Ogohlantirish: Alhamdi (87)
Chetlatishlar: Hasanov (90) - Faxd (90)
OChL-2016, 1-tur. “B” guruhi.
“An-Nasr” (Saudiya Arabistoni) - “Bunyodkor” (O`zbekiston) - 3:3
Gollar: Adrian Mierzejevski (45 penalti), Yahyo Al Shehri (80), Hussayin Sulaymoni (85) — Dostonbek Hamdamov (3), (75), Shaker Zuagi (33)
Ogohlantirishlar: Otabek Shukurov 39, Rustam Ashurmatov 45.