Oliy Liga, 6-tur: Toshkent derbisida "Lokomotiv" "Paxtakor"ni mag`lub etdi

Futbol bo`yicha O`zbekiston XXIV milliy chempionati 6-tur uchrashuvlarini Toshkent derbisi yakunlab berdi. 

Turning markaziy uchrashuvi maqomidagi bu o`yinda Toshkentning "Lokomotiv" hamda "Paxtakor" jamoalari o`zaro to`qnash kelishdi.

O`z oldiga chempionat g`olibligi vazifasini qo`yadigan ikki jamoa butun uchrashuvni yuqori tempda o`tkazib, muxlislarga ajoyib o`yin namoyish etib bera oldi.

Uchrashuvda hisob 12-daqiqada ochildi. Jarohati sabab mavsum avvalidagi o`yinlarni o`tkazib yuborishiga to`g`ri kelgan Ibrohim Rahimovning to`p uzatishidan so`ng, Temur Kapadze himoyachilardan qochib ketib, to`pni jarima maydoni markazi tomon yo`lladi. Armanistonlik hujumchi — Ruslan Koryan esa qiyinchiliksiz uni darvozaga joylab qo`ydi.

Shundan keyin tashabbus "Paxtakor" tomoniga o`tdi. Biroq ular ko`p sonli hujumlarni gol bilan yakunlay bilmadi va tanaffusgacha hisob o`zgarmadi.

Ikkinchi bo`lim mehmonlar hujumlari bilan boshlandi. Ulardan birida Shavkat Mullajonov o`z jarima maydoni ichida qo`pol harakat qildi. Uchrashuvni boshqarib borgan Ravshan Ermatov unga sariq kartochka ko`rsatib, darvoza tomon 11 metrlik jarima to`pi belgiladi. Uni Stanislav Andreev aniq amalga oshirdi — 1:1.

 66-daqiqada esa "Lokomotiv"  yosh yarim himoyachisi — Ikrom Aliboev "Paxtakor" himoyachilarining xatosidan unumli foydalanib, o`zining Oliy Ligadagi birinchi golini kiritdi. Ushbu gol "Lokomotiv"ga "Paxtakor" ustidan qozonilgan o`z maydonidagi ilk g`alabani taqdim etdi.

Oliy liga, 6-tur
“LOKOMOTIV” – “PAXTAKOR” – 2:1
Gollar:
R. Koryan (12), I. Aliboev (67) — S. Andreev (51-pen.)
Ogohlantirishlar: Ruslan Koryan (16), Ikrom Aliboev (35), Shavkat Mullajonov (50) — Igor Sergeev (43), Egor Krimets (57), Davron Hoshimov (69)
"Lokomotiv": 1.Ignatiy Nesterov, 3.Shavkat Mullajonov, 7.Ruslan Koryan (Temurxo`ja Abduxoliqov 77), 13.Lutfulla To`raev (Damir Koyashevich 71), 17.Salim Mustafoev, 18.Temur Kapadze (S), 22.Sanjar Shoahmedov, 24.Ibrohim Rahimov, 28.Ikrom Aliboev, 31.Nemanya Yanichich, 33.Oleg Zoteev (Jasur O.Hasanov 54)
"Paxtakor": 12.Aleksandr Lobanov, 2.Egor Krimets (s), 4.Adnan Oraxovats (Navruz Alimov 85), 5.Akbar Ismatullaev (Jaloliddinn Masharipov 68), 8.Sherzod Karimov, 11.Igor Sergeev, 15.Javohir Sohibov, 23.Aleksandr Merzlyakov, 24.Davronbek Hoshimov, 28.Stanislav Andreev (Bahodir Pardaev 76), 29.Vladimir Kozak,
Bosh hakam: Ravshan Ermatov

 

mib
uzcard
cola
apex
bmb