Ikkinchi davraga hozirlik ko`rayotgan «Dinamo» jamoasi Urgut tog` yon-bag`rlarida joylashgan qarorgohida o`tkazilgan dastlabki yig`inni yakunladi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
6-16 iyul kunlari bo`lib o`tgan o`quv-yig`in mashg`ulotlarida Kamo Gazarov boshchiligidagi murabbiylar shtabi asosiy e`tiborni futbolchilarning jismoniy holatiga qaratdi. 10 kunlik mashg`ulotlardan so`ng, jamoa 16 iyul kuni Samarqandda ikki tarkibga bo`linib o`zaro o`yin o`tkazadi. Shundan so`ng futbolchilarga ikki kunlik dam beriladi.
19 iyuldan esa jamoa Toshkentda yig`in boshlaydi. Poytaxtda o`tkaziladigan uchta nazorat uchrashuvida tarkibda o`zgarishlar bo`lishi mumkin. Xususan, dastlab «Mash`al» jamoasi bilan o`yin o`tkazilsa, 24 iyulda «Paxtakor»ga qarshi, 25 iyulda esa «Navbahor» bilan nazorat o`yinlari o`tkaziladi.
26 iyulda esa jamoa yana Samarqandga qaytib, tayyorgarlikning so`nggi qismini o`z qarorgohida o`tkazadi. Eslatib o`tamiz, «Dinamo» 3 avgust kuni o`z maydonida 14-tur doirasida «Nasaf» jamoasiga qarshi saf tortadi.