Toshkentning «Bunyodkor» futbol klubi 2014 yilgi Osiyo Chempionlar ligasi bahslaridagi ishtirokini yakunladi.
14 may, chorshanba kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida mahalliy «Al-Hilol» va Toshkentning «Bunyodkor» jamoalari o`rtasida OChL-2014 nimchorak final javob uchrashuvi bo`lib o`tdi. Bir hafta avval Toshkentda o`tkazilgan uchrashuvda saudiyalik futbolchilar 1:0 hisobida g`alaba qozonishgan edi.
Javob o`yinida ham omad «Al-Hilol» futbolchilari tarafida bo`ldi. Sami al-Jabir shogirdlari o`yin davomida uch bor Akbar To`raev darvozasini ishg`ol qilishdi, Aleksandr Volkov shogirdlari bunga biror marta ham javob bera olishmadi.
Xususan, uchrashuvda hisob 20-daqiqada «Al-Hilol» sardori Yosir al-Qahtoniy hisobni ochgan bo`lsa, ikkinchi bo`limda Nosir al-Shamroniy va Salim Muhammad al-Dousariy «Bunyodkor2 darvozasiga bittadan gol urdi. Uchrashuvni «Qirol Fahd» xalqaro stadionida 40 mingdan ortiq muxlis kuzatib bordi.
Eslatib o`tamiz, 2014 yilgi Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi bosqichida «Bunyodkor» Saudiya Arabistonining «Al-Fath» (0:0, 3:2), Qatarning «Al-Jaish» (1:2, 2:1) va Eronning «Fulad» (1:1, 0:1) jamoalariga qarshi bahs olib borgandi. Musobaqaning dastlabki to`rtta o`yinida jamoaga Mirjalol Qosimov ustozlik qilgan.
OChL-2014, nimchorak final, javob uchrashuvi
14 may, chorshanba
«AL-HILOL» (Saudiya Arabistoni) – «BUNYoDKOR» (O`zbekiston) 3:0 (1:0). 40851 tomoshabin.
Hakamlar: Ben Uilyams (Avstraliya), Mett Krim (Avstraliya), Hoqon Anaz (Avstraliya), Jarred Jillet (Avstraliya).
«AL-HILOL»: Abdulloh al-Sdayriy, Abulla al-Dossariy, Muhammad al-Shalhub (Xolid Ka`biy, 83), Yosir al-Shahroniy, Kastilo, Nosir al-Shamroniy, Yosir al-Qahtoniy (Neves Tiago, 65), Kvak Tae Xvi, Digao, Saud Kaririy, Salim Muhammad al-Dousariy.
«BUNYoDKOR»: Akbar To`raev, Akmal Shorahmedov, Xayrulla Karimov, Dilshod Jo`raev (Sardor Sobirxo`jaev, 53), Anvar G`ofurov (Alibobo Rahmatullaev, 53), Javlon Ibrohimov, Aleksandr Pishur, Vohid Shodiev, Sardor Rashidov (Bahodir Pardaev, 57), Oleg Zoteev, Sergey Simonenko.
Gollar: Yosir al-Qahtoniy (20), Nosir al-Shamroniy (47), Salim Muhammad al-Sdayriy (58).
Ogohlantirishlar: Kastilo (43) – Javlon Ibrohiov (23).
Eng yaxshi o`yinchi: Nosir al-Shamroniy («Al-Hilol»).