
14 may, chorshanba kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida Osiyo Chempionlar ligasi nimchorak final javob uchrashuvlari doirasida mahalliy «Al-Hilol» va Toshkentning «Bunyodkor» jamoalari o`rtasidagi bahs bo`lib o`tadi. Har ikki jamoa o`rtasida bir hafta avval O`zbekistonda bo`lib o`tgan uchrashuvda saudiyaliklar 1:0 hisobida g`alaba qozonishgan edi.
13 may, seshanba kuni, an`anaga ko`ra, uchrashuv arafasida har ikkala jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Matbuot anjumanining birinchi qismida jurnalistlarning savollariga javob bergan Aleksandr Volkov bo`lajak bahsda har ikkala jamoa ham ochiq futbol namoyish etishini aytib o`tdi.
«Men bunchalik ko`p jurnalistlar qarshisida matbuot anjumanida qatnashmagandim. Demak, bizga nisbatan befarq bo`lmaganlar soni ko`p. O`yinga keladigan bo`lsak, «Al Hilol» kuchli jamoa. Ularning qandayligini Toshkentdagi bahsda ham ko`rdik. Juda shakllangan jamoa. Jamoa bosh murabbiyi ham hurmatga loyiq, juda mashhur inson. Raqibning o`tgan uchrashuvda maydonga tusha olmagan ikki nafar a`zosi safga qaytdi. Bizga yanada qiyin bo`ladi. Lekin «Bunyodkor»ning ham tayyorlab qo`ygan o`z rejalari bor. O`ylaymanki muxlislarimizni xursand qila olamiz».
«Ha, 2010 yili Skolari qo`l ostidagi «Bunyodkor» OChL nimchorak finalida «Al-Hilol»ga 0:3 hisobida mag`lub bo`lgandi. Har bir murabbiyning o`z qarashi, rejalari bo`ladi. Skolarining qarashlari faqat o`zigagina ma`lum, meniki umuman boshqacha. Shu boisdan ham hech kimni kamsitmagan holda eski natijani eslashni xohlamasdim. Raqibdan umuman qo`rqayotganimiz yo`q. Ertaga qanday o`ynashimizni hozir ayta olmayman. Ammo bizga natija keltiruvchi rejani o`ylab qo`yganman», - deydi Aleksandr Volkov.
«Al-Hilol» bosh murabbiyi Sami al-Jabirning fikricha, jamoa birinchi o`yinda g`alaba qozongan bo`lsa-da, kurash hali to`xtaganicha yo`q.
«Birinchi o`yinda g`alaba qozondik, ammo biz sira ham xotirjam bo`lmayapmiz. Javob bahsida ham o`zimizga kerakli natijaga erisha olsak keyin tinchlanamiz. Bu jihatni futbolchilarga ham uqtirdim. Chunki «Bunyodkor» juda kuchli jamoa. Bu raqibni safarda mag`lub etgan bo`lsakda, hali kurash to`xtamadi. Raqib Qatarda qanday g`alaba qozonganini hali unutganimiz yo`q», - deydi Sami Al Jaber.
Eslatib o`tamiz, Osiyo Chempionlar ligasi nimchorak finali javob uchrashuvi doirasidagi «Al-Hilol» – «Bunyodkor» uchrashuvi 14 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 21:00 (Toshkentda 23:00 bo`ladi)da boshlanadi.