«Ar-Riyoddagi javob o`yini yanada qiyin bo`ladi»

Toshkentning «Bunyodkor» va Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» jamoalari o`rtasidagi OChL nimchorak final dastlabki o`yini 1:0 hisobida saudiyaliklar foydasiga hal bo`ldi. O`yindan so`ng «Paxtakor» markaziy stadioni anjumanlar zalida har ikkala jamoa bosh murabbiyi ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Jamoasining safarda 1:0 hisobida g`alaba qozonganiga qaramay, «Al-Hilol» bosh murabbiyi Sami al-Jabir bir haftadan so`ng bo`lib o`tadigan javob o`yini har ikkala jamoa uchun ham muhim, ham og`ir bo`lishini ta`kidlab o`tdi.

«Har ikkala jamoa ham yaxshi o`yin ko`rsatdi. Biz bugun juda kuchli, fantastik jamoaga qarshi to`p surdik va «Bunyodkor»ni bundan keyin hurmat qilamiz. «Bunyodkor» hujumda faol o`ynadi, biz esa qarshi hujumlardan foydalanishga harakat qildik», - dedi al-Jabir.

«Bizni oldinda Ar-Riyoddagi ikkinchi o`yin kutib turibdi va chorak finalga kim yo`l olishini aynan o`sha o`yindan so`ng uzil-kesil bilib olamiz. Bugun bizga oson bo`lgani yo`q, jarohatlar sabab bir qator o`yinchilardan foydalana olmadik. Javob o`yinida esa uch nafar futbolchimiz tarkibga qaytadi va biz o`z ishqibozlar ko`z oldida to`p suramiz, shunga qaramay bizni juda va juda qiyin kutib turibdi», - dedi «Al-Hilol» bosh murabbiyi.

«Bunyodkor» bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Aleksandr Volkov esa «Al-Hilol»ga qarshi o`yinda omad etishmaganini qayd etib o`tdi.

«Biz «Al-Hilol»dan bundan-da yaxshiroq o`yin kutgan edik. Raqibimiz qarshi hujum taktikasi bo`yicha to`p surdi, baxtga qarshi, biz ana shunday hujumlardan birida juda oddiy gol o`tkazib yubordik», - dedi Volkov.

«Mashg`ulotlarda juda yaxshi ishlagan shogirdlarim bugungi o`yinda xatolarga yo`l qo`yishdi. Unchalik yaxshi chiqmagan bo`lishi mumkin, lekin Aleksandr Pishur ham, Xayrulla Karimov ham yaxshi o`yin ko`rsatishga harakat qilishdi. Bizga yuqori saviyali hujumchi kerak, balki birinchi davra tugaganidan so`ng biror futbolchini tarkibga qo`shib olarmiz, biroq ayni vaqtda tarkibimizda bizga kerakli yuqori saviyali hujumchi va himoyachi yo`q», - deya qo`shimcha qildi «Bunyodkor» ustozi.

Eslatib o`tamiz, «Al-Hilol» va «Bunyodkor» o`rtasidagi OChL nimchorak final javob uchrashuvi 14 may, chorshanba kuni Ar-Riyoddagi «Qirol Fahd» xalqaro stadionida bo`lib o`tadi.
 

mib
uzcard
cola
apex
bmb