
Amaldagi O`zbekiston chempioni hisoblangan «Bunyodkor» 7 may, chorshanba kuni Osiyo Chempionlar ligasi nimchorak final doirasida Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» jamoasiga qarshi dastlabki uchrashuvni o`tkazadi.
Uchrashuvdan avval, 6 may, seshanba kuni har ikkala jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumanlari tashkil etildi. «Paxtakor» stadionida bo`lib o`tgan tadbirda jurnalistlarning savollariga dastlab «Al-Hilol» bosh murabbiyi Sami al-Jabir javob berdi.
«Avvalo, O`zbekistonda bo`lib turganimizdan mamnunmiz. Mezbonlar tomonidan bizga yaratilgan sharoitlar uchun rahmat aytamiz. Juda ajoyib muhit ostida o`tadigan uchrashuv ostonasida turibmiz. Ishoning, ertaga fantastik o`yin bo`ladi. «Bunyodkor» Osiyo grandlaridan biri. Tarkib borasida biz tajribaliroqmiz. Lekin raqibimiz safida ham ko`p narsaga qodir bo`lgan o`yinchilar yig`ilgan», - dedi al-Jabir.
«Bunyodkor» Qatarda «Al-Jaish» ustidan g`olib chiqib, pley-off yo`llanmasini qo`lga kiritdi. O`zbekiston jamoasi har mavsum guruh bosqichini muvaffaqiyatli bosib o`tadi. Bu safar ham ular juda murakkab holatdan chiqib keta olishdi. «Bunyodkor» so`nggi daqiqalarda gol urib kelayotganidan xabarim bor. Bu jamoaning jismoniy holati yaxshi ekanligidan dalolat beradi», - dedi «Al-Hilol» ustozi.
Chempionlar ligasi va ichki chempionat bahslari tamomila boshqa-boshqa turnir. Ha, Saudiya Arabistoni chempionatini yakunlaganimizga bir oy bo`ldi. Shu oraliqda Chempionlar ligasida ikkita o`yin o`tkazdik. Qolaversa, tinimsiz mashg`ulotlar orqali jamoani yaxshi saviyada saqlab keldik. Toshkentga Tiago Nevesni olib kelolmadik. Chunki uning jarohati bor edi», - dedi saudiyalik murabbiy.
«O`ylaymanki, qo`l ostimdagi boshqa futbolchilar uning o`rnini to`ldirib turishadi. «Bunyodkor»da o`yinchilar almashadi. Lekin jamoaning o`yini har doim ham xavfli bo`lib qoladi. Bizga «Al-Jaish»mi va «Bunyodkor»mi, kimning raqiblik qilishini farqi yo`q edi. Har ikkala jamoa ham kuchli. Bu yilgi maqsadimiz Chempionlar ligasi bosh sovrinini qo`lga kiritish», - dedi saudiyalik mutaxassis.
«Bunyodkor» bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Aleksandr Volkov esa chiroyli o`yin va g`alaba bilan muxlislarni xursand qilish niyati borligini ma`lum qildi.
«Al-Hilol»ni o`rganib chiqdik. Haqiqatdan ham Saudiya Arabistoni klub kuchli jamoa ekanligiga yana bir karra amin bo`ldik. Ular bir o`yin davomida turli xil uslublarni qo`llashadi. Har bir xatoni kechirishmaydi. Raqibning har ikkala qanot futbolchilari juda-juda xavfli. Osiyo Chempionlar ligasi sekin-asta kuchlilarni saralab bormoqda. Bosh sovrin uchun bo`lgan yo`l yaqinlashar ekan, bahslar ham murakkablashib bormoqda. Ertangi bahsda yaxshi saviyadagi o`yinimizni namoyish etib, muxlislarga g`alaba tortiq qilmoqchimiz», - dedi Volkov.
«Doimo hujumda o`ynab bo`lmaydi. Himoyalanish osonroq, ammo bu ham g`alabaga omil bo`la olmaydi. Vaziyatlardan kelib chiqib, taktika tanlaymiz. Biz irimlarga emas, Xudoga ishonamiz. «Bunyodkor» uyda emas, mehmonda yaxshi o`ynaydi deyapsizlar. Menicha, bu jihatni bizga farqi yo`q. Chunki biz mehmonda o`ynayapmiz – Qatarda, Buxoroda, «Jar»da, «Paxtakor»da...», - dedi o`zbekistonlik mutaxassis.
«Akmal Shorahmedov «Bunyodkor»ning o`yin legionerlarga bog`lanmagan deb to`g`ri aytibdi. Men uni fikrini qo`llab-quvvatlayman. Bizdagi hozirgi legionerlar avvalgilaridek kuchli emaslar. Ertaga Simonenko bizga yordam bera olmaydi. Lekin jarohatlanganlar safga qaytishayotgani quvonarli. Masalan Karles Koto to`liq 90 daqiqa to`p tepishga tayyor bo`lmasa-da, kerakli vaziyatda maydonga tushib «Bunyodkor»ga foyda keltirishga shay turibdi», - dedi «Bunyodkor» ustozi.
Eslatib o`tamiz, «Bunyodkor» va «Al-Hilol» o`rtasidagi OChL nimchorak final uchrashuvi 7 may, chorshanba kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida bo`lib o`tadi. O`yin Toshkent vaqti bilan 18:00da boshlanadi.