
Amaldagi O`zbekiston chempioni hisoblangan «Bunyodkor» Osiyo Chempionlar ligasi-2014dagi yurishini davom ettiradi. Jamoa «V» guruhi 6-tur uchrashuvida safarda Qatarning «Al-Jaish» jamoasini 2:1 hisobida mag`lubiyatga uchratdi.
«Bunyodkor» nimchorak final bosqichi yo`llanmasini qo`lga kiritishi uchun «Al-Jaish»ga qarshi o`yinda faqat g`alaba qozonishi shart edi, «Al-Jaish» esa mag`lubiyatga uchramasa keyingi bosqichga yo`l olardi. Uchrashuvda esa hisob 13-daqiqada «Bunyodkor» futbolchilari tomonidan ochildi – jarima zarbasi amalga oshirilganidan so`ng, «Al-Jaish» darvozaboni xatosidan unumli foydalangan «Bunyodkor»ning ukrainalik himoyachisi Sergey Simonenko gol urdi.
«Bunyodkor» tanaffusga hisobdagi ustunlik bilan chiqib ketdi, biroq ikkinchi taym boshida Muhammad Muntariyning goli o`tkazib yuborildi. «Al-Jaish»ni durang natija qoniqtirgani uchun, qatarlik futbolchilar so`nggi daqiqalarda asosiy e`tiborni himoyaga qaratishdi. «Bunyodkor» esa uchrashuv asosiy vaqtiga bosh hakam tomonidan qo`shib berilgan 4-daqiqada g`alaba to`pini kiritishga muvaffaq bo`ldi – Sardor Rashidovning goli Aleksandr Volkov shogirdlarini nimchorak finalga olib chiqdi.
Qayd etish joiz, «Bunyodkor» OChL-2014 «V» guruhidagi dastlabki to`rtta o`yinni bosh murabbiy Mirjalol Qosimov qo`l ostida o`tkazib, faqat «Al-Fath» (Saudiya Arabistoni, 0:0) va «Fulad» (Eron, 1:1)ga qarshi o`yinlarda bir ochkodan ishlagan, «Al-Jaish»ga qarshi Toshkentdagi (1:2) va «Fulad»ga qarshi safardagi (0:1) o`yinlarda imkoniyatni boy bergandi. Mirjalol Qosimov bor e`tiborini milliy terma jamoaga qaratishi ma`lum bo`lib, jamoa boshqaruvini vaqtincha Aleksandr Volkov qo`l olganidan so`ng, «Bunyodkor» dastlab «Al-Fath»ni Toshkentda (3:2), so`ng «Al-Jaish»ni safarda (2:1) mag`lub etdi.
Osiyo Chempionlar ligasi bahslarida 2008 yildan beri muntazam ravishda ishtirok etib kelayotgan «Bunyodkor» musobaqaning pley-off bosqichiga chiqish an`anasini saqlab qolishga muvaffaq bo`ldi – Toshkent klubi har safar kamida nimchorak final bosqichi yo`llanmasini qo`lga kiritgan. «Bunyodkor» 2014 yilgi Chempionlar ligasining nimchorak finalida Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» jamoasiga qarshi bahs olib boradi. Ushbu jamoalar o`rtasidagi dastlabki o`yin 7 may, chorshanba kuni Toshkentda, javob o`yini esa 14 may, chorshanba kuni Saudiya Arabistonida bo`lib o`tadi.