
«Bunyodkor» va «Al-Fath» jamoalari o`rtasidagi OChL-2014 «V» guruhi 5-tur uchrashuvidan so`ng har ikkala jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani o`tkazildi. Ma`lumot uchun, uchrashuv 3:2 hisobida Toshkent klubi foydasiga hal bo`ldi.
«Al-Fath» bosh murabbiyi Fathi al-Jebalining so`zlariga ko`ra, jamoa yanada kattaroq hisobida g`alaba qozonish maqsadida oldinga o`tgan, biroq «jismoniy holat pand bergani sabab», «Fath» uchun foydali hisobni o`yin oxirigacha ushlab qolish imkoni bo`lmagan.
«Jismoniy holatimiz pand berdi, deb o`ylayman. Shu boisdan ham o`zimiz istagan o`yinni ko`rsata olmadik. «Bunyodkor» uchrashuv davomida ustunlikka ega bo`ldi. Natijada shogirdlarim bosim ostida qoldi. Jemel Ammar bizning asosiy futbolchimiz hisoblanadi. U bahsni og`riq bilan o`tkazayotgandi. Shuning uchun ham uni birinchi bo`limdayoq almashtirishga qaror qildim», - dedi «Al-Fath» bosh murabbiyi Fathi Al-Jebali.
«O`z jamoamdan hech kimni o`yinini alohida ko`rsatmoqchi emasman. Raqibdan esa ko`proq Aleksandr Pishurning harakatlari kuchli chiqdi. Bugungi bahsda durang bizni aslo qoniqtirmasdi. Shuning uchun ham 2:1 hisobida oldinda borayotib ham hujumga o`tdik. Afsuski o`yin oxirigacha hisobni ushlab qololmadik. «Bunyodkor» esa kuchli iroda namoyish etib, o`ziga kerakli natijani qo`lga kiritdi», - deya qo`shimcha qildi «Al-Fath» ustozi.
«Bunyodkor» bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Aleksandr Volkov jamoasi o`yin davomida 1:2 hisobida mag`lubiyatga uchrab turib, oxir-oqibat vaziyatdan «qahramonlarcha chiqib ketganidan» xursand ekanligini yashirmadi.
«Kechagi matbuot anjumanida o`yin biz uchun qiyin bo`lishini aytib o`tgandim. Shuningdek, raqibning 77-raqamli futbolchisi judayam kuchli ekanligi va o`yinni o`zgartira olish qobiliyatiga egaligini ham ta`kidlagandim. Ko`rdinglar, uchrashuv nihoyatda og`ir bo`ldi. Aynan braziliyalik Eltonning maydonga tushishi natijasida «Al-Fath» o`yini kuchaydi. Shunga qaramasdan futbolchilarimiz kuchli xarakter ko`rsatishdi. G`alaba to`pi muallifiga aylangan Alibobo Rahmatullaev qiyin davrni boshidan o`tkazdi. O`zimiz tushib qolgan qiyin holatdan qahramonlarcha chiqib ketdik. Bundan albatta xursandman», - dedi «Bunyodkor» bosh murabbiyi Aleksandr Volkov.
«Pishurda vaziyatlar ko`p bo`ldi. Garchi u gol ura olmagan bo`lsa-da, yomon harakat qilmadi. Ahvazdagi o`yin natijasidan xabardor bo`lib turdim. Biroq u o`yin natijasini yigitlarimizga atayin etkazmay turdik. Chunki «Bunyodkor» futbolchilarining vazifalari g`alaba qozonish edi. Kiyim almashtirish xonasida esa «Fulad» g`alaba qozonganini bilishdi. O`z-o`zidan hamma futbolchi Qatardagi bahsda g`alaba qozonish haqida o`ylashni boshlashdi», - deya qo`shimcha qildi «Bunyodkor» ustozi.
Xabar «Bunyodkor» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.