
15 aprel, seshanba kuni «Paxtakor» stadioni anjumanlar zalida OChL-2014 «V» guruhi 5-turi doirasidagi «Bunyodkor» – «Al-Fath» (Saudiya Arabistoni) uchrashuvi arafasida ikki jamoa vakillari ishtirokida matbuot anjumani o`tkazildi.
Matbuot anjumanining birinchi qismida mehmon jamoa bosh murabbiyi Jebal Al-Fathi jurnalistlarning savollariga javob berdi.
«Avvalambor, Toshkentda bo`lib turganimizdan va bu erdagi mehmondo`stlik uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman. Ortda qolgan to`rt tur natijalari bizni va «Bunyodkor»ni qoniqtirmadi. «Al-Fath» Osiyo Chempionlar ligasida ilk bor qatnashmoqda. Shu boisdan ham ba`zi bir no`noqliklarga yo`l qo`yyapmiz. O`ylaymanki, bu jihat xalqaro turnirdagi tajribamiz oshishida asqotadi. Hozirgi holatda kichik imkoniyat bor. Shu boisdan ham oxirgi imkoniyat yo`qolmaguncha kurashdan to`xtamaymiz», - deb gap boshladi «Al-Fath» ustozi.
«Bunyodkor» murabbiyi o`zgarganiga hech qancha vaqt bo`lgani yo`q. O`ylashimcha, yangi murabbiy birdaniga taktikani o`zgartirib yubormaydi. Raqibimiz haqida etarlicha ma`lumotga egamiz. Ulardan qo`rqmaymiz. Biz o`z o`yinimizni namoyish etmoqchimiz. To`g`ri, Saudiya Arabistoni chempionatida ishlarimiz yurishmadi. Endi bor e`tiborimizni OChLga qaratamiz. Tan olaman, «Bunyodkor» kuchli jamoa. Shunga qaramasdan, raqibni mehmonda mag`lubiyatga uchratishni niyat qilganmiz», - dedi Jebal Al-Fathi.
«Futbolda ochkolar kim kuchli ekanligini ko`rsatadi. Hozirgi holatda «Al-Jaish» va «Fulad»ning imkoniyatlari yuqoriroq turibdi. Bizda imkoniyatlar hali ham bor. Biz bundan foydalanib, keyingi bosqichga chiqadigan ikki jamoaning biri bo`lishni istaymiz. Menga bu savolga juda ko`pchilik beryapti: «Nega bir yil avval Saudiya Arabistoni oltin medallarini qo`lga kiritgan jamoa bu mavsum yakunida 10-pog`onani egalladi?». Ochig`i, o`zim ham bunga xayronman. Biz Saudiya Arabistonida oddiy jamoamiz. Tariximiz ham mashhur emas. Chempionlikni juda katta qiyinchilik bilan qo`lga kiritgan edik. Keyinchalik sovrinni saqlab qololmadik», - deya qo`shimcha qildi «Al-Fath» bosh murabbiyi Jebal Al-Fathi.
Matbuot anjumanining ikkinchi qismida «Bunyodkor» bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Aleksandr Volkov jurnalistlarning savollariga javob berdi.
«Ko`chpilikni «Bunyodkor»ning ertangi tayyorgarligi qiziqtirayotgani aniq. Klubimizning ana`analarida faqat va faqat oldingi intilish maqsadi bor. Shu jihat yo`lida albatta o`zimizni ko`rsatamiz. G`alaba haqida o`ylayapmiz. Chunki biz O`zbekiston sha`nini himoya qilishimiz kerak. Boisi OFK kelasi yilgi Osiyo Chempionlar ligasi musobaqasiga beriladigan kvotalar taqsimotiga o`zgartirish kiritdi. Shunday ekan, biz nafaqat o`z klubimiz uchun balki O`zbekistonning boshqa jamoalari va PFL sha`ni uchun ham o`ynaymiz», - dedi «Bunyodkor» ustozi.
«Biz bor e`tiborimizni hujumga qaratamiz. Raqibga bo`sh xududlar yaratmaslikka, aksincha ularni kemtik joylaridan foydalanishga intilamiz. «Bunyodkor» har safar guruhdan chiqib kelgan. Ammo bu yil pley-off masalasi qiyinga o`xshayapti. Biz tahmin qilamiz, Yaratgan egam esa taqsimlaydi! Bilasizku, keyingi bosqichga chiqishimiz faqatgina bizga bog`liq emas. Bu yil asosiy tarkibning 7 nafar futbolchisi klubimizni tark etdi. Avvallari bu qadar katta yo`qotishlarga duch kelmagan edik. O`ylaymanki, hozirgi tanlagan yo`limiz yaqin orada o`z samarasini beradi. Akademiyamizga rivojlantirishga katta urg`u beryapmiz. Vaqti kelib, hozirgi o`smir yoshlarimizdan yangi yulduzlar etishib chiqadi», - deya qo`shimcha qildi Aleksandr Volkov.
Aleksandr Volkov bo`lajak raqibi haqida fikr bildirarkan, jumladan shunday dedi: «Kuchli tomoni, ular oxirigacha o`ynashadi. Raqibga gol ursang, ular batdar quturishadi. Xuddi Angliya klublariga o`xshaydi. Eng xavfli o`yinchisi deb 77-raqamdagi Eltonni aytgan bo`lardim. Boshqa futbolchilarning harakatlari aynan unga bog`liq».
Eslatib o`tamiz, «Bunyodkor» va «Al-Fath» (Saudiya Arabistoni) o`rtasidagi OChL-2014 «V» guruhi 5-tur uchrashuvi 16 aprel, chorshanba kuni Toshkent vaqti bilan 18:00da Toshkentdagi «Paxtakor» markaziy stadionida boshlanadi.
Xabar «Bunyodkor» FK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.