«Bunyodkor» OChLdagi to`rtinchi o`yinni ham g`alabasiz yakunladi

Toshkentning «Bunyodkor» klubi OChL-2014 guruh bosqichidagi to`rtinchi o`yinda ham g`alaba qozona olmadi. Eronning «Fulad» jamoasiga qarshi kechgan javob o`yinida Mirjalol Qosimov shogirdlari 0:1 hisobida imkoniyatni boy berishdi.

1 aprel, seshanba kuni OChL-2014 «V» guruhi 4-tur uchrashuvlari doirasida Eronning Ahvaz shahrida «Fulad» va «Bunyodkor» jamoalari o`rtasidagi uchrashuv bo`lib o`tdi. 1:0 hisobida maydon egalari g`alabasi bilan yakuniga etgan o`yin taqdirini uchrashuv 77-daqiqasida Ayub Valiy tomonidan kiritilgan yagona gol hal qildi.

«Bunyodkor» bungacha o`tkazilgan dastlabki uchta o`yinda faqat ikki ochko ishlagan edi – safarda «Al-Fath» (Saudiya Arabistoni) bilan 0:0 hisobida durang o`ynagan, so`ng Toshkentda «Al-Jaish» (Qatar)ga mag`lub bo`lib (1:2), «Fulad»ga qarshi o`yinda so`nggi daqiqalarda mag`lubiyatdan qutilib qolgandi.

Hozirgi vaqtda «Fulad» hisobida sakkiz, «Al-Jaish» hisobida besh, «Bunyodkor» hisobida ikki va «Al-Fath» hisobida bir ochko bor. 4-tur doirasidagi «Al-Jaish» – «Al-Fath» uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 22:00da boshlanadi.

OChL-2014 «V» guruhining 5-tur uchrashuvlari 16 aprel kuni bo`lib o`tadi. Shu kuni «Bunyodkor» Saudiya Arabistonining «Al-Fath» jamoasini qabul qiladi. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb