
Amaldagi O`zbekiston chempioni hisoblangan «Bunyodkor» 1 aprel kuni Eronda mahalliy «Fulad» jamoasiga qarshi OChL «V» guruhi 4-tur uchrashuvini o`tkazadi. Ushbu uchrashuv arafasida 31 mart kuni o`yinoldi matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Matbuot anjumanida dastlab «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ishtirok etdi: «Fulad» - juda yaxshi jamoa. Hali guruhdan chiqish imkoniyatimiz bor. Bundan foydalanishimiz shart».
«Oldingi yillarda birinchi davrada 2 ochko to`plab keyin vaziyatni ijobiy tomonga bura olgandik. Bu mavsumni Saudiya Arabistonidagi durang bilan boshladik. Ammo uydagi ketma-ket ikki o`yinda ochkolarni boy berdik. Endi o`sha yo`qotilgan ochkolarni safardagi bahslarda to`ldirish kerak», - dedi Qosimov.
«Yangi mavsumdan oldin tarkibimizda katta o`zgarishlar bo`lib o`tdi. «Fulad» safida ajoyib futbolchilar mavjud. Jamoa bejizga Eronda chempionlik uchun kurashmayapti. OChLdagi yoqimli an`anamizni davom ettirish uchun g`alaba qozonishimiz shart», - deya qo`shimcha qildi «Bunyodkor» bosh murabbiyi.
Matbuot anjumaninig ikkinchi qismida «Fulad» bosh murabbiyi Husayn Faraqiy ishtirok etdi va u, jumladan, shunday dedi: «Bunyodkor» kuchli jamoa ekanligini bilamiz. Ertaga bizni qiyin o`yin kutib turibdi. Toshkentda durang bo`lgandi. Agar ertaga g`olib bo`lsak erkin nafas olishimiz mumkin».
«Uyimizda o`ynayotganimiz bizga ustunlik beradi. Maydonga faqat g`alaba uchun tushamiz. Raqib safida qobiliyatli futbolchilar talaygina. Agar mehmonlar g`olib bo`lishsa imkoniyatlari keskin oshib ketadi. Shu bois bizni qiziqarli o`yin kutib turibdi», - dedi eronlik mutaxassis.
«Biz ikki frontda kurash olib borayapmiz: milliy chempionatda chempionlikka kurashayapmiz, OChLda esa guruh bosqichidan chiqmoqchimiz. Ikkala musobaqa biz uchun juda muhim. So`nggi paytlarda oxirgi daqiqalarda ko`p gol o`tkazayapmiz. Toshkentda ham shunday bo`lgandi va g`alabani qo`ldan chiqargandik. Xatoni to`g`rilashga urinamiz», - deya qo`shimcha qildi «Fulad» bosh murabbiyi.
Eslatib o`tamiz, «Fulad» va «Bunyodkor» o`rtasidagi OChL-2014 «V» guruhi 4-tur uchrashuvi 1 aprel, seshanba kuni Toshkent vaqti bilan 18:00da boshlanadi. O`yin Ahvaz shahrida bo`lib o`tadi. Toshkentda bo`lib o`tgan 3-tur uchrashuvida «Bunyodkor» va «Fulad» o`zaro 1:1 hisobida durang o`ynagan.