Faraqiy jamoasi o`yinidan rozi, Qosimov esa natijadan xafa

19 mart, chorshanba kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida bo`lib o`tgan «Bunyodkor» va «Fulad» (Eron) jamoalari o`rtasidagi OChL-2014 «V» guruhi 3-tur uchrashuvidan so`ng har ikkala jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.

Dastlab matbuot anjumanida «Fulad» jamoasi bosh murabbiyi Husayn Faraqiy ishtirok etdi. Uning aytishicha, uchrashuvda qayd etilgan 1:1 hisobida durang natija jamoalar namoyish etgan o`yinga mos hisob bo`ldi.

«Bugungi o`yin qiyin bo`lishini bilgan edik. 3 ochko uchun o`ynagan edik. Ammo, buni uddasidan chiqa olmadik. Natija o`yinga mos. Bunyodkor» juda yaxshi jamoa. O`yinda ko`proq gol urish uchun imkoniyatga ega bo`ldik, ammo ulardan foydala olmadik. Bugungi o`yinda bizga ikki nafar hujumchi Arash Afshin va Lusiano Pereyralar yordam bera olishmadi, ularning yo`qligi sezildi. Ikki nafar asosiy hujumchimiz o`ynamagan bo`lsada, jamoamiz bugun yaxshi o`yin ko`rsatdi. Futbolchilarning o`yinidan qoniqdim», - dedi eronlik mutaxassis.

«Bunyodkor» hisobda ortda qolayotganda, tashabbusni o`z qo`llariga ola bildi. Ularning tarkibida tajribali futbolchilar ko`p. O`yin so`ngida bizda bir qancha qulay imkoniyatlar bo`lgan edi. Ammo, yosh futbolchilar vaziyatlardan unumli foydalana olishmadi. Futbolda har qanday natija qayd etilishi mumkin. Guruhdagi ikkinchi o`yin haqida to`xtaladigan bo`lsam, «Al-Fath» ham, «Al-Jaish» ham kuchli jamoa, biroq biz uchun «Fath»ning g`alabasi foydaliroq bo`ladi», - deya qo`shimcha qildi «Fulad» bosh murabbiyi.

«Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov jurnalistlarning savollariga javob berarkan, Qatarning «Al-Jaish» jamoasiga qarshi OChL guruhi bosqichi 2-tur o`yinidagi xatolar yana takrorlanganini qayd etib o`tdi. O`shanda «Bunyodkor» Toshkentda 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergandi.

«Al Jaish» bilan o`yindagi xatolarimizni yana takrorladik. Raqib juda kuchli edi. Xatolarimiz bizga yana qimmatga tushdi. Ayrim futbolchilar kerak bo`lmagan joyda to`pni yo`qotib qo`yishdi. Bunday kuchli raqibga qarshi o`yinda bunday o`ynash mumkin emas. Bizda hali imkoniyat bor. Keyingi o`yinda g`alaba qozonishimi shart. Mag`lubiyat imkoniyatlarimizni keskin tushirib yuboradi», - dedi Qosimov.

«Futbol jadallik bilan rivojlanmoqda. Hech kim joyida to`xtab qolmasligi kerak. Futbol hozirda tezkorlikni talab qilmoqda. Bugungi raqibimiz kuchli edi. Pardaevga ham, boshqa hujumchilarimizga ham imkoniyat berishmadi. Bugun jamoaviy o`yin etishmadi», - dedi «Bunyodkor» ustozi.

«Bugungi o`yin natijasidan hafaman. Durangdan qoniqmadik. So`nggi daqiqada gol urib, oz bo`lsada imkoniyat saqlab qoldik», - deya qo`shimcha qildi «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov.  

mib
uzcard
cola
apex
bmb