
Toshkentning «Bunyodkor» futbol klubi 2014 yilgi Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichida ketma-ket uchinchi o`yinda g`alaba qozona olmadi. 19 mart, chorshanba kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida Eronning «Fulad» jamoasiga qarshi kechgan «V» guruhi 3-tur uchrashuvida Mirjalol Qosimov shogirdlari 1:1 hisobida durang natija qayd etishdi.
Uchrashuv birinchi bo`limida jamoalar darvozalarga yo`l topa olishmadi. Faqat «Bunyodkor» sardori Xayrulla Karimov raqibiga nisbatan qoidabuzarlik qilgani uchun uchrashuvning kuvaytlik bosh hakami Ali Sha`bon tomonidan ogohlantirilgani bilan yodda qoldi. «Al-Jaish»ga qarshi o`yinda ham sariq kartochka olgan Karimov endi «Fulad»ga qarshi Eronda bo`lib o`tadigan javob o`yinini o`tkazib yuboradi.
Uchrashuv ikkinchi bo`limida «Paxtakor» stadioniga tashrif buyurgan 2 mingga yaqin muxlis ikkita gol guvohiga aylandi. Dastlab, 74-daqiqada «Fulad» himoyachisi Abdulloh Karamiy bir necha raqibini chaqqonlik bilan ortda qoldirib, «Bunyodkor» jarima maydonchasiga yorib kirgani holda hisobni ochgan bo`lsa, uchrashuv yakunlanishiga sanoqli soniyalar qolganida «Bunyodkor» hujumchi Vohid Shodiev boshi bilan «Fulad» darvozasini aniq nishonga oldi.
Ushbu durang natijadan so`ng ochkolar soni 2ta etgan «Bunyodkor» «V» guruhida 3-o`rinni egallab turibdi. 3-tur doirasidagi «Al-Fath» (Saudiya Arabistoni) – «Al-Jaish» (Qatar) uchrashuvi maydon egalari foydasiga hal bo`lsa, «Bunyodkor» 4-o`ringa tushib qolishi mumkin.
Musobaqa guruh bosqichi 4-turida «Bunyodkor» Ahvazda «Fulad» mehmoni bo`ladi, «Al-Jaish» esa Dohada «Al-Fath»ni qabul qiladi. Har ikkala 1 aprel kuni o`tkaziladi.
OChL-2014, «V» guruhi, 3-tur uchrashuvi
19 mart, chorshanba
«Bunyodkor» (Bunyodkor) – «Fulad» (Eron) 1:1 (0:0)
Gollar: Vohid Shodiev (90+2) – Abdulloh Karamiy (74).
Ogohlantirishlar: Xayrulla Karimov (38) – Shahob Karamiy (78).
«Bunyodkor»: Pavel Bugalo, Akmal Shorahmedov, Xayrulla Karimov (Oleg Zoteev, 70), Dilshod Jo`raev, Anvar G`ofurov, Aleksandr Pishur, Vohid Shodiev, Karles Koto (Alibobo Rahmatullaev, 65), Sardor Rashidov, Bahodir Pardaev (Anvar Berdiev, 75), Sergey Simonenko.
«Fulad»: Susha Makoniy, Leandro Padovani, Mehdi Badrlu, Surush Rofiy, Ismoil Sharifat (Soson Ansoriy, 82), Abdulloh Karamiy, Baxtiyor Rahmoniy (Ayub Kalontoriy, 88), Shahob Karamiy, Umid Xolidiy, G`ulomrizo Rizoiy, Said Salorzoda (Ayub Valiy, 73).
Bosh hakam: Ali Sha`bon (Kuvayt).
Toshkent, «Paxtakor» stadioni. 1950 tomoshabin.