Mirjalol Qosimov: «Fulad»ni mag`lub etishimiz shart»

18 mart, seshanba kuni «Paxtakor» stadioni anjumanlar zalida OChL-2014 «V» guruhi 3-turi doirasida «Bunyodkor» – «Fulad» (Eron) uchrashuvi arafasida matbuot anjumani o`tkazildi.

Matbuot anjumanida dastlab «Fulad» bosh murabbiyi Husayn Farakiy va Baxtiyor Rahmoniy ishtirok etdi. Jamoa bosh murabbiyining so`zlariga ko`ra, «Fulad» Toshkentga g`alaba niyatida kelgan.

«O`zbekistonda bo`lib turganimizdan hursandman. Yaxshi kayfiyatdamiz. Avvalgi ikki turda 4 ochko jamg`ardik. Bu yaxshi natija. «Bunyodkor» o`z uyida juda kuchli o`yin ko`rsatadi. O`zbekiston futboli Osiyoda o`z o`rniga ega. Buni barchamiz yaxshi bilamiz. Toshkentga yaxshi kayfiyatda va g`alaba uchun keldik. Ertaga bizni juda qiyin o`yin kutib turibdi. Biz o`yinga tayyormiz», - dedi Farakiy.

«Bunyodkor safida tajribali futbolchilar bilan bir qatorda juda ko`p iqtidorli yosh futbolchilar bor. Ulardan ehtiyot bo`lish lozim. O`ylashimcha ertaga «Bunyodkor» murabbiyi ko`proq tajribali futbolchilarga ishonch bildiradi. Ularda OChLda juda boy tajriba bor. Bizning jamoa barcha o`yinlarda yutishni istaydi va bunga intiladi. Ammo, bu futbol. Har qanday natijaga tayyor turish kerak», - deya qo`shimcha qildi Farakiy.

«Bunyodkor»dan matbuot anjumanida jamoa bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov va jamoa hujumchisi Vohid Shodiev ishtirok etdi. Qosimovning so`zlariga ko`ra, «Fulad»ga qarshi o`yinda «Bunyodkor» g`alaba qozonishi shart.

«Ertangi o`yinda g`alaba qozonishimiz shart. Ayni damda, boshqa natija bizni qoniqtirmaydi. Raqib jamoani o`yinini ko`rib chiqdik. Juda yaxshi shakllangan jamoa. Ularning tarkibi ancha kuchli va tajribali ekanini ko`rdik. Ertaga bizni qiyin o`yin kutib turibdi. Biz faqat g`alaba uchun maydonga tushamiz. Bizda yo`qotishlar deyarli yo`q», - dedi Qosimov.

«O`ylashimcha, ertaga raqibni durang ham qoniqtiradi va ular maydonda erkinroq va bemalolroq harakat qilishadi. Shunday bo`lsada, ular juda hafvli raqib. Eronlik futbolchilar juda tezkor va standart vaziyatlarda ancha hafvli o`ynaydilar. Har bir chiziqda, hatto aut amalga oshirilayotgan paytda ham eronlik futbolchilarni ko`zdan qochirmaslik muhim. Yo`qotishlarga qaramay, maydon markazida o`yinimizni kuchaytira oladigan futbolchilar bor deb o`ylayman», - dedi Qosimov.

Eslatib o`tamiz, «Bunyodkor» va «Fulad» o`rtasidagi OChL-2014 «V» guruhi 3-tur uchrashuvi 19 mart, chorshanba kuni Toshkent vaqti bilan 18:00da Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida boshlanadi. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb