Oliy Liganing amaldagi g`olibi – Toshkentning «Bunyodkor» jamoasi 2014 yilgi chempionatni qiyin g`alaba bilan boshladi. Oliy Liga-2014 1-tur uchrashuvlari doirasida 15 mart, shanba kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida o`tkazilgan o`yinda Mirjalol Qosimov shogirdlari 2:1 hisobida g`alaba qozonishdi.

Uchrashuvda hisob 24-daqiqada «Bunyodkor» hujumchisi Anvar Berdiev tomonidan ochildi. To`pni Berdievga ushbu vaziyatda qanotdan ispaniyalik Karles Koto etkazib berdi.

Oradan ko`p o`tmay «Qizilqum» hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo`ldi. O`z jarima maydonchasi ichida «Qizilqum» yarim himoyachisi Samandar Shodmonovga nisbatan o`yin qoidasini buzgani uchun «Bunyodkor» himoyachisi Akmal Shorahmedovga sariq kartochka ko`rsatildi, «Bunyodkor» darvozasiga esa penalti belgilandi. 11 metrlik jarima zarbasidan esa Eldor Boymatov aniq foydalandi.

O`zbekiston milliy terma jamoasi sobiq hujumchisi Vladimir Shishelov "Qizilqum" tarkibida maydonga tushdi.
«Bunyodkor» faqat 71-daqiqaga kelib hisobdagi ustunlikni o`z tomoniga og`dirishga muvaffaq bo`ldi. Ushbu vaziyatda Sardor Sobirxo`jaev – Dilshod Jo`raev – Vohid Shodiev kombinatsiyasini Shodiev muvaffaqiyatli yakunladi – 2:1. O`yin oxirigacha ikkala tomonda ham qator vaziyatlar bo`lganiga qaramay, hisob o`zgarmay qoldi.

"Bunyodkor" darvozaboni Pavel Bugalo 1992 yilgi - ilk mustaqil O`zbekiston chempionati bahslarida ham ishtirok etgan.
Oliy Liga 2-turida «Bunyodkor» Muborakda «Mash`al» mehmoni bo`lsa, «Qizilqum» Navoiyda «Andijon»ni qabul qiladi. Har ikkala o`yin 23 mart, yakshanba kuni o`tkaziladi.
Oliy Liga, 1-tur uchrashuvi
15 mart, shanba
«Bunyodkor» (Toshkent) – «Qizilqum» (Zarafshon) 2:1 (1:1). 1003 tomoshabin.
Hakamlar: I. Tantashev (Buxoro), B. Qodirov (Buxoro), A. Qo`ldoshev (Buxoro), D. Pislegin (Toshkent).
Nazoratchi: V. Valitskiy (Toshkent).
«BUNYoDKOR»: 1.Pavel Bugalo, 2.Akmal Shorahmedov, 4.Xayrulla Karimov (S), 5.Dilshod Jo`raev, 6.Anvar G`ofurov, 8.Javlon Ibrohimov (27.Sardor Sobirxo`jaev 61), 10. Anvar Berdiev, 11.Aleksandr Pishur (14.Vohid Shodiev 64), 16.Karles Koto (7.Alibobo Rahmatullaev 77), 18.Bobirjon Akbarov, 21.Sardor Rashidov.
«QIZILQUM»: 22.Artyom Makosin, 5. Akmal Xoliqov (S), 8.Akmal Rustamov, 9.Navro`zbek Alimov (10.Vladimir Shishelov 46), 16.Samandar Shodmonov, 18.Eldor Boymatov (24. Asqarjon Muhiddinov 78), 19.Ruslan Vagapov, 20.G`ayrat Jumaev (77.Nodirjon Shahobiddinov 84), 21.Mirjalol Qurbonov, 23.Sherali Jo`raev, 25.Azizbek Usmonov
Gollar: Anvar Berdiev (24), Vohid Shodiev (70) — Eldor Boymatov (29, penalti).
55-daqiqada Aleksandr Pishur («Bunyodkor») penaltidan foydalana olmadi.
Ogohlantirishlar: Akmal Shorahmedov (29), Xayrulla Karimov (65) — Sherali Jo`raev (36), Navro`zbek Alimov (40), Mirjalol Qurbonov (54), Asqarjon Muhiddinov (86).
Uchrashuvdan so`ng

Yuriy Lukin, «Qizilqum» bosh murabbiyi: «Mamlakatimizning eng sovrindor jamoasiga qarshi o`zimiz istagandan ham yaxshiroq o`ynadik, degan bo`lardim. Kuchli jamoa va kuchli tarkibga qarshi shogirdlarim hayiqib qolishmadi. O`yinimizdan qoniqdim. Vladimir Shishelovda engil jarohat bor edi. Shu boisdan ham uni zaxiradan maydonga tushirdik. «Qizilqum» oliy ligada jon saqlab qolish uchun o`ynamaydi. O`ylaymanki, klubda qilingan va qilinayotgan ishlar jamoamizning yuqoriroq o`rinni egallashiga turtki bo`ladi».

Mirjalol Qosimov, «Bunyodkor» bosh murabbiyi: «Avvalambor mavsumni g`alaba bilan boshlaginmizdan xursandman. «Qizilqum» tomonidan bizga yaxshigina qarshilik bo`ldi. Navoiyliklarning maqsadi aniq edi. Himoyani mustahkam ushlab, qarshi hujumdan foydalanish edi. Gol urib, o`yinga yaxshi moslashib oldik. Keyin esa o`z xatoimiz evaziga penaltidan gol qo`yib yubordik. Shundan so`ng «Qizilqum» himoyaga yanada jiddiy e`tibor berdi. Natijada ularni mudofasini yorib o`tish yanada qiyin bo`ldi. Ikkinchi bo`limda qilingan o`zgarishlar esa g`alaba to`pi kiritilishiga sabab bo`ldi. Futbol kurashuvchan sport turi. Kimdur jarohat oladi, kimdur lat eydi. Shu bois bitta tarkib o`ynayvermaydi».