
OChL-2014 «V» guruhi 2-turida «Bunyodkor» o`z maydonida Qatarning «Al-Jaish» jamoasiga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
O`yindan keyin bo`lib o`tgan matbuot anjumanida «Al-Jaish» bosh murabbiyi Nabil Ma`lul g`alaba osonlikcha qo`lga kiritilmaganini qayd etib o`tdi.
«O`yindan avval qayd etganimdek, o`yin kutilganidek og`ir kechdi. Biz qiyinchilik bilan uch ochkoni qo`lga kiritdik. Bugun asosiy tarkibimizning uch nafar o`yinchisi bizga yordam bera olmadi, shunga qaramay yaxshi o`yin ko`rsata oldik, deb o`ylayman», - dedi tunislik mutaxassis.
«Bugun «Bunyodkor»ning yarim himoyasi ayniqsa kuchli o`yin ko`rsatdi. Biz «Fulad»ga qarshi mavsumdagi eng yaxshi o`yinlarimizdan birini namoyish etgandik, biroq o`shanda gol urolmagandik. Bugun ham futbolchilarimiz yaxshi o`yin ko`rsatishdi va qo`shimchasiga gollar ham ura olishdi. «Bunyodkor» va «Fulad»ni deyarli teng kuchli jamoalar degan bo`lardim», - deya qo`shimcha qildi «Al-Jaish» bosh murabbiyi.
«Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov esa shogirdlari yaxshi jamoaga qarshi o`yinda raqib imkoniyatlarini yanada oshirib yuborganini ta`kidladi.
«O`yindan avval to`p nazoratini o`zimizda saqlashimiz kerakligini aytgandim. Biroq bugun futbolchilarimiz ko`rsatmalarimni bajara olishmadi. Ular o`zlarining xato harakatlari bilan raqib imkoniyatlari, kuchini yanada oshirib yuborishdi. Superkubok uchrashuvidan so`ng xuddi osmonlarda yurgandek bo`layotgan ba`zi futbolchilarimiz bilan alohida ishlashimizga to`g`ri keladi», - dedi Qosimov.
«Futbolchilaring yosh bolalarcha xato qilib turganida hakamlardan o`pkalash to`g`ri bo`lmasa kerak. Men aybni o`zimdan, o`z jamoamdan qidirishga odatlanganman. Tarkibimizga kelsak, mavsum oralig`ida jamoani tark etganlar o`rnini to`ldira oladigan futbolchilar bor va biz o`z maqsadimiz yo`lida olg`a qadam bosishda davom etamiz», - deya qo`shimcha qildi «Bunyodkor» bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov.